Temur Kapadze: “Qarshida bizni bundan ham yuqori atmosfera kutib turganiga ishonaman”
Qatar U23 terma jamoasini 6:0 hisobida mag‘lub etgan Olimpiya terma jamoamiz bosh murabbiyi Temur Kapadze ham matbuot anjumanida ishtirok etib, uchrashuv haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
– Jasur Jaloliddinovning o‘zgartirilishi nima bilan bog‘liq?
– Avvalambor, barchani g‘alaba bilan tabriklayman. Muxlislar bizga katta motivasiya berishdi. Jasurning o‘zgartirilishiga to‘xtalsak, uni keyingi o‘yinlarga saqlash maqsadida oldinroq zaxiraga oldim.
– Uchrashuvda bunday yirik hisob bo‘lishini kutganmidingiz?
– To‘g‘risi yo‘q. Barchasi vaziyatlardan unumli foydalanishimiz bilan butunlay o‘zgarib ketdi. Bugun yigitlar ajoyib harakat qilishdi. O‘yin shiddatli bo‘ldi. Tayyorgarlikdan tashqari emosiya ham g‘alabamizga ijobiy ta’sir o‘tkazdi.
– Avvalgi o‘yin bilan solishtirganda o‘yinda ancha farq bo‘ldi. Buning sababi nima?
– Bu uchrashuvga dastlabki bahsdan ham yaxshiroq tayyorlandik. Turkmaniston asosan himoyaviy o‘yin ko‘rsatgani uchun “qobiq”ni yorib o‘tishga juda qiynalgan edik. Bugun ochiq o‘yin bo‘lishi bizga juda qo‘l keldi. Ko‘pchilik Turkmanistonni o‘tgan tur mensimagan edi. Mana, ular bugun Eronni mag‘lub etib, keyingi bosqichga chiqishga yaqin turishibdi.
– Qatarning bunday yirik hisobda mag‘lub bo‘lishiga muxlislarning qanday ta’siri bo‘ldi, deb o‘ylaysiz?
– Bunaqa g‘alabalarda muxlislarning ham o‘z kuchi bor. Lekin biz raqibni yaxshi o‘rgangandik. Individual va taktik jihatga asosiy e’tiborimizni qaratdik. Ko‘rindiki, biz ulardan yaxshiroq tayyorlangan ekanmiz.
– Keyingi o‘yin Qarshida bo‘ladi. Safarga tayyormisizlar?
– Keyingi uchrashuvga ertalabdan harakatni boshlaymiz. Tush vaqti Qarshiga yo‘l olamiz. Orada tayyorgarlik uchun 2 kun bor. O‘ylaymanki, Qarshida bundan ham yaxshi atmosfera bo‘ladi. Muxlislar bizni u yerda ham yuqori darajada qo‘llab turishlariga ishonaman.