Musobaqa tarixida eng yirik gʻalabaga erishgan yigitlarimiz chorak final masalasini muddatidan avval hal qilishdi
Mamlakatimizda oʻtkazilayotgan futbol boʻyicha U23 Osiyo kubogida Oʻzbekiston Olimpiya terma jamoasi ikkinchi uchrashuvini oʻtkazdi. Qatarga qarshi kechgan bahsda vakillarimiz yirik 6:0 hisobida gʻalaba qozonib, muddatidan avval chorak final yoʻllanmasini qoʻlga kiritishdi.
Uchrashuv boshida Jasur Jaloliddinovning kiritgan goli raqiblarning oʻyin oldidan tuzgan rejasini izdan chiqarib yubordi. Shundan soʻng himoyadagi boʻshliqlardan unumli foydalangan vakillarimiz bahs davomida yana 5-marta raqib darvozasini ishgʻol qilishdi.
U23 Osiyo kubogi
“A” guruhi, 2-tur
Oʻzbekiston – Qatar 6:0
Gollar: Jasur Jaloliddinov 5, Hojimat Erkinov 20, Husayn Norchayev 45+2, Ulugʻbek Hoshimov 60, Ayman (avtogol) 63, Ruslanbek Jiyanov 67.
Qayd etish joiz, bu musobaqa tarixidagi (U23 turnirida) eng yirik gʻalaba boʻldi. Endi jamoamiz uchinchi tur uchrashuvini 7-iyun kuni Eronga qarshi Qarshida oʻtkazadi. Guruhning narigi uchrashuvida eronliklar Turkmaniston yoshlariga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berishdi.