Sirdaryo viloyatida Prezident topshirigʻi boʻyicha tayyorlangan yangi seleksion tizim muhokama qilindi
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi rahbariyatining Respublikamiz hududlari boʻylab olib borayotgan oʻrganish ishlari davom etmoqda. Bugun MOQ raisi oʻrinbosarlari Azizjon Kamilov hamda Sherzod Tashmatov Sirdaryo viloyatida boʻlishdi.
Xabaringiz bor, 23-may kuni davlatimiz rahbari tomonidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida sport taʼlimi va seleksiya ishlarini kuchaytirish, hududlarda bu borada mutlaqo yangicha tizim yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriqlar berilgan edi. Bugun oʻtkazilgan yigʻilishda mazkur vazifalar ijrosi, uning mexanizmi boʻyicha soʻz bordi.
Guliston shahar hokimiyati zalida oʻtgan uchrashuvda viloyat sport boshqarmasi, sport taʼlim muassasalari, federatsiyalarning viloyat boʻlimi vakillari ishtirok etishdi. Unda dastavval Azizjon Kamilov oʻtkazilgan videoselektor mazmun-mohiyati, yurtboshimiz tomonidan soha rivojini yangi darajaga olib chiqish borasida berilgan vazifalar, yoʻnalishlar xususida toʻxtalib oʻtdi. A.Kamilov soʻz yakunida bu boradagi ishlarni amalga oshirishda barchadan oʻz vazifalariga masʼuliyat bilan yondashishni soʻradi.
Shundan soʻng Sherzod Tashmatov yangi tizim va uning oʻziga xosliklari haqida toʻxtalib oʻtdi. Maʼlumki, ishlab chiqilgan loyihaga muvofiq, musobaqalar sport turlari xususiyatlaridan kelib chiqib, har bir hududning tuman va shaharlarida yosh toifalari boʻyicha zonalar va sektorlar kesimida oʻtkaziladi. Bu borada dzyudo va taekvondo misolida rejadagi barcha bosqichlar tushuntirib berildi.
Iqtidorli sportchilarni seleksiya qilishda ular uchun kerakli sharoitni yaratishdan tashqari, trener va hakamlik korpusi kabi yoʻnalishlarni ham rivojlantirish lozim. Shu bois yangi loyihada bu mavzuga alohida toʻxtalib oʻtilgan. Unda yosh sportchilarni tarbiyalaydigan mutaxassislarning malakasini oshirish, musobaqalarning adolatli va shaffof boʻlishini taʼminlash boʻyicha qilinadigan ishlar koʻrsatilgan.
Yigʻilish davomida mazkur mexanizm boʻyicha mutaxassislarning fikrlari tinglandi, uni yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar oʻrganildi. Ishchi guruhning keyingi manzili Jizzax viloyati boʻladi.