Paralimpiya sport klublarining tayyorgarlik rejalari koʻrib chiqildi
Bugun Milliy Paralimpiya qoʻmitasida Parij-2024 yozgi Paralimpiya oʻyinlari hamda boshqa nufuzli xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik strategiyasi mavzusida yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda qoʻmita raisi oʻrinbosari O.Ergashev, Bosh kotib F.Axmedov, departament direktorlari, sport klubi rahbarlari va seleksionerlari ishtirok etishdi.
Yigʻilishda qoʻmita sport klublarining oldinda turgan nufuzli musobaqalarga hozirlik koʻrish rejalari boʻyicha tayyorlagan maxsus taqdimoti koʻrib chiqildi.
Maʼlumot uchun, qoʻmita qoshidagi sport klublari 2021-yilning 18-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Paralimpiya harakatini yanada rivojlantirish toʻgʻrisida”gi Qaroriga asosan tashkil etilgan boʻlib, 2021-yilning sentyabr oyidan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Hozirda Oʻzbekiston Milliy Paralimpiya qoʻmitasi tarkibida 5 ta sport klubi mavjud va ularda 500 nafarga yaqin sportchi shugʻullanmoqda.