Oʻzbekiston polo federatsiyasi rahbariyatining tarkibi qayta shakllantirildi
Oʻzbekiston polo federatsiyasining yillik hisobot-saylov konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Yigʻilish kun tartibidan federatsiyaga yangi rais oʻrinbosarlari va Bosh kotib saylash masalalari oʻrin oldi. Unda Sportni rivojlantirish vaziri oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, Bahromjon Gaziyev boshchiligidagi Oʻzbekiston polo federatsiyasi mutasaddilari, faxriy mehmonlar va OAV vakillari ishtirok etishdi. Konferensiyani Oybek Kasimov hamda Oʻzbekiston polo federatsiyasi raisi oʻrinbosari Kseniya Gulyamova olib bordi.
Dastlab Oʻzbekiston polo federatsiyasi raisi Bahromjon Gaziyev kirish soʻzi va 2021-2022-yilgi mavsumda amalga oshirilgan ishlar haqida hisobot berdi. Shuningdek, davlatimiz tomonidan sport bilan shugʻullanish uchun yaratilgan qulay sharoitlar alohida taʼkidlandi.
Federatsiya raisi oʻrinbosari va Bosh kotib lavozimlariga nomzodlarni Bahromjon Gaziyev taqdim etdi. Bu borada yirik qurilish tashkilotlarini boshqarishda boy tajribaga ega Murod Nazarov hamda Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti kafedra mudiri Mirziyod Majidiy rais oʻrinbosari, Akbar Asqarov nomzodi esa federatsiya Bosh kotibligi uchun ilgari surildi. Shundan soʻng tadbir qatnashchilari, jumladan, Oʻzbekiston Milliy mediya assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi Sherzodxon Qudratхoʻja, taniqli tadbirkor Zafar Hoshimov, Oʻzbekiston polo federatsiyasi raisi maslahatchisi Yakov Ribalskiy taklif etilgan nomzodlar haqida iliq fikrlarini bildirdilar.
Shu tariqa, konferensiya ishtirokchilari taklif etilgan nomzodlarni bir ovozdan qoʻllab-quvvatladilar va federatsiya rahbariyati quyidagi tarkibda qayta shakllantirildi:
Oʻzbekiston polo federatsiyasi raisi: Bahromjon Gaziyev;
Bosh kotib: Akbar Asqarov;
Rais oʻrinbosarlari: Bahrom Mirqosimov, Murod Nazarov, Kseniya Gulyamova, Mirziyod Majidiy.