3 Iyun 2022 1280

Samarqand Olimpiyachilarimiz uchun markazlashtirilgan bazaga aylantiriladi

Prezidentimizning 23-may kuni videoselektor yigʻilishida bergan topshiriqlari boʻyicha hududlarda oʻtkazilayotgan oʻrganish ishlari davom etadi. MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov va Qoʻmita raisi oʻrinbosari, Oʻzbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Saken Polatov boshchiligidagi ishchi guruhning navbatdagi manzili Samarqand viloyati boʻldi.

Maʼlumki, Samarqand Respublikamizda 2 ta Olimpiya zaxiralari kollejiga ega boʻlgan yagona viloyat hisoblanadi. Samarqand va Toyloq OZK koʻplab terma jamoalarimiz uchun kuchli atletlarni yetishtirib berishi sir emas, biroq soʻnggi vaqtda mazkur holat faqatgina maʼlum sport turlari bilan cheklanib qolgan.

Bu borada davlatimiz rahbari Samarqand OZK sport gimnastikasi, taekvondo va stol tennisi boʻyicha soʻnggi 3 yilda musobaqalarda sovrinli natija koʻrsatmagani, ammo kollejda ushbu sport turlari boʻyicha 23 nafar sportchi, 3 nafar trener mavjud ekani haqida tanqidiy fikr bildirgan edi. Viloyat sportni rivojlantirish boshqarmasi, BOʻSM va IBOʻSM mutasaddilari bilan oʻtgan uchrashuvda shu va boshqa oʻz yechimini kutayotgan masalalarga alohida toʻxtalib oʻtildi.

Uchrashuvda MOQ mutasaddilari iqtidorli yoshlarni saralash, mutaxassislarning malakasini oshirish orqali sport taʼlimidagi sifatni yaxshilash boʻyicha Sportni rivojlantirish vazirligi bilan ishlab chiqilgan reja taqdimotini oʻtkazishdi. Maʼlumki, unda musobaqalar sport turlari xususiyatlaridan kelib chiqib, har bir hududning tuman va shaharlarida yosh toifalari boʻyicha zonalar va sektorlar kesimida oʻtadi. Yigʻilish davomida mutaxassislar bilan yangi tizimni amalga tatbiq qilish, uning samaradorligini yanada oshirish boʻyicha fikrlar bildirildi.

Rejaga koʻra, kelgusida Olimpiya oʻyinlari uchun atletlarni tayyorlash markazi aynan Samarqandda bunyod etiladi. Xitoy tajribasi asosida bu yerda barcha asosiy terma jamoalar yirik kompleks musobaqalar, qitʼa va jahon chempionati kabi muhim startlarga tayyorgarlik koʻrishadi. Shu bois, yigʻilishda viloyatdagi mavjud infratuzilmani yanada kuchaytirish muhimligi alohida taʼkidlandi.

Mutasaddilar tashrif davomida hududlarda oʻtkazilayotgan mashgʻulotlar jarayonini kuzatib, yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi. Oʻrganishlar natijasi boʻyicha amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi.

Text to speech