3 Iyun 2022 2013

Sergеlida koʻp tarmoqli sport majmuasi bolajonlar ixtiyoriga topshirildi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan yosh avlodni aqlan yetuk qilib tarbiyalash bilan bir qatorda jismonan barkamol etib voyaga yetkazish jamiyat va davlat oldidagi eng ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan.

Mazkur topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida poytaxtimizning Sergeli tumani Qoʻyliq-5 dahasida joylashgan 277-umumtaʼlim maktabi hududida barcha zamon talablariga javob beruvchi koʻp tarmoqli sport maskani bunyod etildi. Bu yerda yakkakurash, xususan, dzyudo sport turiga ixtisoslashtirilgan zal, zamonaviy basseyn, strit vork-aut, fitnes bilan shugʻullanish imkonini beruvchi maydoncha hamda sunʼiy qoplamali futbol maydoni mavjud.

Tantanali ochilish marosimida Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, Xalq taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari Usmon Sharifxoʻjayev, Sergeli tumani hokimi Elbek Shukurov, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisi oʻrinbosari, mamlakat dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov, Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov va boshqa mutasaddilar ishtirok etishdi.

“Haqiqatan ham koʻrgan kishining koʻzi quvnaydigan sport maskani yoshlarimiz ixtiyoriga topshirilmoqda. Bu yerda tashlandiq holatga kelib qolgan basseyn ham boʻlar edi. Quruvchilarimiz bu suv havzasini ham qisqa muddatda zamonaviy koʻrinishga keltirishdi. Bolajonlarning ayni taʼtil kunlari suv havzasining foydalanishga topshirilayotgani har birimiz, ayniqsa, shu mahalla yoshlarining quvonchiga sabab boʻlyapti”, - dedi ochilish marosimida soʻzga chiqar ekan Sportni rivojlantirish vaziri.

Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtgan yigʻishda davlatimiz rahbari tomonidan Olimpiada gʻolib va sovrindorlari nomi bilan ataluvchi maktablarni ochish boʻyicha vazifa berilgan edi. Sergelida foydalanishga topshirilgan ixtisoslashtirilgan dzyudo zaliga Olimpiya oʻyinlarining uch karra sovrindori, ikki karra jahon chempioni Rishod Sobirov nomi berildi.

Taʼkidlash joiz, 23-may kuni Prezident raisligida oʻtgan videoselektor yigʻilishida yil yakunigacha 508 ta mahallada xuddi shunday koʻp funksiyali sport maydonchalarini qurishga koʻrsatma berilgan. Bu orqali 6 million nafar yoshlar ommaviy sport bilan qamrab olinadi.

Text to speech