3 Iyun 2022 986

MOQning uzoq yillik hamkori Anvar Avazxoʻjayev 76 yoshda!

Bugun professional fotograf va operator, oʻz ishining fidoyi insonlaridan biri Anvar Avazxoʻjayev 76 yoshni qarshi oldi.

Anvar Avazxoʻjayev 1946-yil Toshkentda tugʻilgan. Bu inson Oʻzbekiston MOQ tashkil topgandan beri Qoʻmita bilan yaqin hamkorlik qilib keladi. Shu paytgacha Oʻzbekiston delegatsiyasi bilan 7 ta yozgi va 1 ta qishki Olimpiya oʻyinlarida, shuningdek, Osiyo oʻyinlari va boshqa bir qator yirik musobaqalarda delegatsiyamiz bilan ishtirok etgan. MOQ mediasining arxividan joy olgan aksariyat qimmatbaho materiallarning ijodkori hisoblanadi. Faoliyati davomida “Oʻzbektelefilm” studiyasida operatorlik qilib, 400 dan ortiq hujjatli filmlarni ishlagan va ularning 50 dan ortigʻi oʻzbek sportiga oiddir. Uning uzoq yillik mehnatlari davlatimiz tomonidan “Doʻstlik" ordeni va “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvonlari bilan taqdirlangan.

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Anvar Avazxoʻjayevni tavallud ayyomi bilan tabriklab, u kishiga uzoq umr, sihat-salomatlik tilab qoladi.

Text to speech