2 Iyun 2022 1244

Namanganda Prezident topshirigʻining ijrosi boʻyicha istiqbolli rejalar koʻrib chiqildi

Fargʻona vodiysiga tashrif buyurgan MOQ rahbariyatining navbatdagi safar manzili Namangan viloyati boʻldi. Qoʻmita raisi oʻrinbosarlari Azizjon Kamilov va Sherzod Tashmatov viloyat sportni rivojlantirish boshqarmasi, soha mutaxassislari bilan oʻtkazilgan uchrashuvda kun tartibidan oʻrin olgan barcha masalalarni muhokama qilib olishdi.

Mutasaddilar safar davomida bundan avval Andijon va Fargʻona viloyatlarida boʻlib, Prezidentimizning 23-may kuni videoselektor yigʻilishida bergan topshiriqlari ijrosini taʼminlash yoʻlidagi yangi mexanizm taqdimotini oʻtkazishgan edi. Qayd etish joiz, namanganlik mutasaddilar ham mazkur loyihani qoʻllab-quvvatlashdi.

Soʻnggi tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, Namangan viloyatidan Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etayotgan sportchilar soni ortgan. Paralimpiya oʻyinlaridan esa sovrindorlar yetishib chiqmoqda. Yigʻilish davomida endi Olimpiadalarda ham shohsupaga koʻtariladigan yuqori darajadagi atletlarni tarbiyalash vaqti kelgani alohida taʼkidlandi.

Shubhasiz, bu borada yosh iqtidor egalarini tarbiyalaydigan BOʻSM va IBOʻSM, Olimpiya zaxiralari kollejlarining oʻrni katta. Oldinga qoʻyilgan maqsad yoʻlida ularda faoliyat olib boradigan mutaxassislarning malakasini oshirish yana bir ustuvor vazifa boʻlib, MOQ rahbariyati bunga ham batafsil toʻxtalib oʻtdi. Uchrashuv davomida Azizjon Kamilov davlatimiz rahbari tomonidan berilgan vazifalar, yigʻilish mohiyati, bildirilgan tanqidiy fikrlar boʻyicha gapirdi. Shundan soʻng Sherzod Tashmatov ishlab chiqilgan yangi tizim haqida maʼlumot berdi.

Unga koʻra, musobaqalar sport turlari xususiyatlaridan kelib chiqib, har bir hududning tuman va shaharlarida yosh toifalari boʻyicha zonalar va sektorlar kesimida oʻtadi. Unda hududlarga masʼul mutaxassislar biriktirilib, bahslarni boshqarishda shaffof va odilona hakamlik korpuslari yaratiladi.

Yigʻilish davomida MOQ rahbariyati namanganlik mutaxassislarning ham yangi mexanizm haqidagi fikrlari bilan tanishishdi va u boʻyicha mulohazalar bildirildi.

Text to speech