Yosh xokkeychimiz AQShga yoʻl oldi
AQSHning Finiks shahridagi xokkey akademiyalaridan birining direktori Boris Derejenko ijtimoiy tarmoqlardagi videolar orqali yosh xokkeychimiz Salohiddin Azimovning oʻyiniga qiziqib qolgan va uning oʻyinlarini shaxsan kuzatish uchun hamyurtimizni AQShga taklif qildi. Bugun xokkeychimiz “Next Generetion Hockey” akademiyasida oʻtadigan yigʻinda ishtirok etish uchun otasi bilan Amerikaga yoʻl oldi.
Salohiddinning otasi Alisher Azimovning soʻzlariga koʻra, ular 9-iyulga qadar AQShda boʻlishadi.
“Yigʻindan maqsad avvalo, ushbu sport olamidagi eng kuchli mintaqalardan birida tajriba almashish, u yerning xokkey maktabini oʻrganish. Ularning bizga qilgan murojaatida Salohiddinning oʻyini katta qiziqish uygʻotgani, uning harakatlarini shaxsan koʻrmoqchi ekanliklari aytilgan. Agar oʻgʻlimning oʻyini ularga maʼqul kelsa, shartnoma asosida ushbu akademiyaga qabul qilinadi”, – deydi yosh sportchimizning otasi Alisher Azimov.
Qayd etish joiz, bu mamlakatimizda oxirgi yillarda qishki sport turlari bilan shugʻullanish uchun yoshlarimizga yaratib berilayotgan sharoitlarning samarasidir.
Bugungi kunda Toshkent va Samarqandda jahon standartlariga javob beradigan muz maydonlari yoshlarimiz ixtiyorida boʻlib turibdi. Hozircha ushbu mintaqalarda faoliyat olib borayotgan 4 ta professional va 6 ta bolalar klublarida 400 nafardan ziyod yosh xokkeychilar muntazam shugʻullanmoqda. Davlatimizning bunday eʼtibori bilan yaqin vaqt ichida Salohiddin kabi yosh xokkeychilarimiz soni yanada ortishiga ishonamiz.