Navoiy viloyati hokimi bilan Prezident topshiriqlarining ijrosi boʻyicha rejalar muhokama qilindi
Xabar qilganimizdek, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi rahbariyati 23-may kuni davlatimiz rahbari raisligida oʻtgan videoselektor yigʻilishida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida viloyatlarda boʻlib turibdi.
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov va Qoʻmita raisi oʻrinbosari, Oʻzbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Saken Polatov boshchiligidagi ishchi guruh Buxorodan soʻng Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi.
Safar Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov bilan uchrashuvdan boshlandi. Uchrashuvda viloyat sportidagi kamchiliklar, muammolar haqida soʻz bordi. Tomonlar Respublikamizning eng yirik viloyatida sportni rivojlantirish yoʻlidagi reja va takliflar bilan oʻrtoqlashdilar. Shuningdek, Prezidentimiz tomonidan alohida taʼkidlangan seleksiya ishlari va sport taʼlimini yanada kuchaytirish uchun viloyatda infratuzilma yetarli ekanligi qayd etildi.
Tashrif davomida mutasaddilar Navoiy viloyatidagi bir qator sport obyektlarida boʻlishdi. BOʻSM va IBOʻSM, Olimpiya zaxiralari sport kollejiga qarashli sport zallaridagi sharoitlar bilan tanishishdi, murabbiy va sportchilar bilan suhbatlashishdi.
“Maʼnaviyat va maʼrifat markazi”da oʻtkazilgan uchrashuvda Navoiydagi ilgʻor sport muassasalari, shuningdek, viloyatdagi sport federatsiyalari masʼullari ishtirok etishdi. Uchrashuv davomida iqtidorli atletlarni tayyorlash boʻyicha rejalashtirilayotgan mutlaqo yangi mexanizmning ishlash tizimi mutasaddilar tomonidan taqdimot koʻrinishida tushuntirib berildi. Ochiq muloqot tarzida oʻtgan yigʻilishda viloyat sportiga befarq boʻlmagan murabbiy va mutaxassislar oʻzlarini qiynayotgan muammolar, takliflar bilan murojaat qilish imkoniyatiga ega boʻlishdi.