Magomed Ibragimov va Muattar Nabiyevani tabriklaymiz!
Bugun erkin kurash boʻyicha Olimpiada sovrindori Magomed Ibragimov hamda ogʻir atletika boʻyicha Olimpiada rekordchisi Muattar Nabiyeva tavallud ayyomini nishonlamoqda.
Magomed Ibragimov 1985-yilning 2-iyun kuni dunyoga kelgan. Erkin kurashchimiz Rio-2016 Olimpiadasida -97 kg vazn toifasida bronza medaliga sazovor boʻlgan. U 2018-yili Indoneziyaning Jakarta shahrida oʻtkazilgan XVIII Osiyo oʻyinlarida ham bronza medalini qoʻlga kiritgan. 2017-yili Nyu-Dehli, 2018-yilda esa Bishkek shahrida oʻtgan Osiyo chempionatlarida shohsupaning eng yuqori pogʻonasiga koʻtarilgan. Tokio-2020 Olimpiadasi ishtirokchisi.
Muattar Nabiyeva 1996-yil 2-iyun kuni Andijon viloyatining Baliqchi tumanida tugʻilgan. Faoliyati davomida yoshlar va kattalar toifasida bir qator nufuzli musobaqalarda gʻolib va sovrindorlar qatoridan joy olgan. Jumladan, Osiyo va jahon chempionatlari sovrindori. Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etib, -55 kg vazn toifasining dast koʻtarish mashqida Olimpiada rekordini oʻrnatgan. Qayd etgan natijalari evaziga davlatimiz tomonidan “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlangan.
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi har ikki sportchimizni tavallud ayyomi bilan tabriklab, ularga uzoq umr va sihat-salomatlik tilab qoladi.