1 Iyun 2022 1646

Temur Kapadze: “Bugun stadionga tashrif buyurib, bizni qoʻllab turgan muxlislarga rahmat aytamiz”

23 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi Osiyo kubogi 1-tur doirasidan oʻrin olgan Oʻzbekiston va Turkmaniston jamoalari uchrashuvidan soʻng matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda boʻlajak Olimpiyachilarimiz bosh murabbiyi Temur Kapadze va Hojimat Erkinov ishtirok etib, gʻalaba haqida oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashishdi.

“Oʻyin qiyin boʻlishini bilar edik. Birinchi uchrashuv doim shunaqa boʻlgan. Eng muhimi gʻalaba qozondik. Bu bilan hammani tabriklayman. Oʻyin davomida koʻp imkoniyatlar boʻldi. Koʻp vaziyatlarda bizga gol yetishmadi. Turkmaniston yaxshi himoyalana oldi. Ayniqsa, ularning darvozaboni ancha vaziyatda aʼlo darajada harakat qildi”, – deya taassurotlari bilan ulashdi T.Kapadze.

“Butun xalqimizni ushbu gʻalaba bilan tabriklayman. Turkmaniston kuchli himoyalandi, vaziyatlarimizdan foydalana olganimizda, yirik hisobda gʻalaba qozongan boʻlar edik”, – dedi Hojimat Erkinov.

– Barcha jamoalarda birinchi oʻyinda kuchli hayajon seziladi. Oʻyin oldidan uni yengish uchun ruhiy holat boʻyicha koʻrsatma berilganmidi?
– Bu normal holat. Ayniqsa, yoshlarda koʻp uchrab turadi. Bunaqa saviyadagi musobaqada bu tabiiy. Koʻrib turganingizdek, muxlislarning ham koʻpligi hayajonni kuchaytirdi. Bugun stadionga tashrif buyurib, bizni qoʻllab turgan minglab tomoshabinlarga oʻz minnatdorchiligimizni bildiramiz. (T.Kapadze)

– Jaloliddov jarohat olib maydonni tark etdi. Ahvoli qanday?
– Bu jarohat emas, charchoq alomati deb oʻylayapmiz. Koʻp harakat qilganidan unda tomir tortishish holati kuzatildi. Yana bugun shifokorlar bilan uning ahvolini yaxshilab koʻrib chiqamiz. (T.Kapadze)

– Bugun standart vaziyatlardan foydalanishda ish yurishmadi. Keyingi oʻyinlargacha bu xatolar ustida ishlanadimi?
– Bu borada mashgʻulotlarda ancha ishlaganmiz. Koʻrganingizdek, raqib jamoa ham kuchli himoya bilan hujum va paslarimizni bartaraf etdi. Keyingi oʻyinlarda kombinatsiyalar samarasini berishiga ishonaman. (T.Kapadze)

– Keyingi uchrashuv haqida . . .
– Qatar va Eronning oʻyinlarini oʻrganib chiqdik. Bu musobaqada kuchsiz jamoaning oʻzi boʻlmaydi. Jamoaga boshqa klubdan yangi qoʻshilgan yigitlar bilan oldinga qoʻyilgan vazifani uddalaymiz.

Text to speech