1 Iyun 2022 2059

Oʻzbekiston Olimpiya terma jamoasi birinchi turdanoq guruh peshqadamligini qoʻlga oldi

Mamlakatimizda start olgan futbol boʻyicha U23 Osiyo kubogida terma jamoamiz birinchi uchrashuvni muvaffaqiyatli oʻtkazdi. Turkmanistonga qarshi bahsda yigitlarimiz kichik hisobda gʻalaba qozonishdi.

Birinchi taymda darvozalar daxlsiz qoldi. Ikkinchi 45 daqiqalikda Temur Kapadze amalga oshirgan oʻzgarishlar oʻz soʻzini aytdi va zaxiradan oʻyinga qoʻshilgan Ulugʻbek Hoshimov penaltidan raqib darvozasini ishgʻol qildi. 75-daqiqada kiritilgan bu gol bahs yakunigacha oʻzgarmadi va yoshlarimiz 3 ochkoni qoʻlga kiritishdi.

U23 Osiyo kubogi, 1-tur
Oʻzbekiston 1 – 0 Turkmaniston
Gol: Ulugʻbek Hoshimov 75ʼ


Guruhimizdagi narigi juftlikda Eron va Qatar terma jamoalari murosa koʻchasini tanlashdi. Shu tariqa, Temur Kapadze shogirdlari birinchi turdan soʻng kvartet peshqadamiga aylanib olmoqda. Endi jamoamiz ikkinchi oʻyinni 4-iyun kuni Qatarga qarshi oʻtkazadi.

Text to speech