1 Iyun 2022 1248

MOQ rahbariyatining bu galgi manzili Fargʻona viloyati boʻldi

Xabar berganimizdek, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi rahbariyati 23-may kuni Prezidentimiz tomonidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida viloyatlarda boʻlib turibdi. Vodiyga yoʻl olgan ishchi guruhning navbatdagi manzili Fargʻona viloyati boʻldi.

MOQ raisi oʻrinbosarlari Azizjon Kamilov va Sherzod Tashmatov rejaga binoan viloyat sportni rivojlantirish boshqarmasi, BOʻSM, IBOʻSM, OZK mutasaddilari va soha vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi. Fargʻona shahridagi “Samo” sport kompleksida oʻtgan tadbirda videoselektorda koʻtarilgan masalalar, berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash uchun yoʻlga qoʻyiladigan mexanizm keng muhokama qilindi.

Qayd etish joiz, davlatimiz rahbari 23-may kungi yigʻilish davomida Fargʻona boksi haqida alohida toʻxtalib oʻtgan edi. Xususan, unda soʻnggi Olimpiya oʻyinlarida viloyat sporti natija koʻrsatmagani, koʻplab yoʻnalishlardagi maktablar, OZK faoliyati orqaga ketayotgani taʼkidlangan. Uchrashuv davomida MOQ rahbariyati mazkur kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Andijon viloyatida oʻtgan yigʻilishda boʻlgani kabi fargʻonalik mutaxassislarga hududlarda yoshlarni sportga jalb etish, ularni saralash uchun Prezidentimiz bergan topshiriqlar asosida dzyudo va taekvondo sport turlari misolida ishlab chiqilgan yangi tizim tanishtirildi. Sherzod Tashmatov shu tariqa ishtirokchilarni yangi tizim mexanizmi, uning oʻziga xosliklari bilan tanishtirib oʻtdi.

Yangi loyihaga koʻra, musobaqalar sport turlari xususiyatlaridan kelib chiqib, har bir hududning tuman va shaharlarida yosh toifalari boʻyicha zonalar va sektorlar kesimida oʻtadi. Unda hududlarga masʼul mutaxassislar biriktirilib, bahslarni boshqarishda shaffof va odilona hakamlik korpuslari yaratiladi. Musobaqada gʻolib va sovrindor boʻlgan iqtidorli yoshlarni sport maktablari va Olimpiya zaxiralari kollejlariga yoʻnaltirish masalasi koʻrib chiqiladi.

Shuningdek, yigʻilish davomida hokimiyat va boshqa mutasaddi tashkilotlar tomonidan iqtidorli sportchilarni ijtimoiy himoya qilish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha takliflar ham muhokama qilindi.

Text to speech