Prezident topshirig‘i yuzasidan hududlarga tashrif amalga oshirilmoqda: MOQ rahbariyati Buxoro viloyatida bo‘ldi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 23 may kuni o‘tkazilgan videoselektorda sport sohasiga oid qator muhim masalalar muhokama qilinib, kamchilik va muammolarni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berilgan edi.
Bu borada O‘zbekiston MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov hamda MOQ raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Polatov boshchiligidagi mutasaddilar Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishishdi.
Mutasaddilarning aynan ushbu viloyatga tashrif buyurishi bejiz emas. Sababi, videoselektorda davlatimiz rahbari seleksiya ishlarini yanada kuchaytirish, sport ta’lim muassasalari faoliyatini yaxshilash bo‘yicha Buxoro viloyati misolida aniq yo‘nalish ko‘rsatib bergan. Safar davomida ishchi guruh viloyat Olimpiya zaxiralari kollejida sport federatsiyalari, shuningdek, BO‘SM va IBO‘SMlarda faoliyat olib borayotgan murabbiylar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda quyi bo‘g‘indan – bolalar sportidan ularni professional sportchi darajasida tayyorlash bosqichigacha bo‘lgan tizimni qanday shakllantirish, ularni tayyorlashda malakali trenerlarni, hakamlik korpusini rivojlantirish bo‘yicha fikr almashishdi.
O‘z navbatida, mutasaddilar iqtidorli yoshlarni seleksiya qilishning yangi mexanizmini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha mulohazani o‘rtaga tashlashdi. Bunda tuman va shaharlar, sektorlar miqyosida maxsus musobaqalar tashkil etish, ularda saralangan sportchilar keyinchalik viloyat, so‘ng Respublika chempionatlarida ishtirok etishi haqidagi misollar keltirib o‘tilgan. Uchrashuv yakunida mahalliy mutaxassislar yangi mexanizm tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, uni yanada takomillashtirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirishdi.
O‘zbek boksi yulduzlaridan biri Abbos Atoyevning boks maktabiga tashrif ham MOQ rahbarlarida katta taassurot qoldirdi. Yaqinda foydalanishga topshirilgan dzyudo zali, bojxona boshqarmasiga qarashli sport maydoni ham ko‘zdan kechirildi.
Kunning ikkinchi qismida esa baydarka va kanoe majmuasi, Bolalar va o‘smirlar sport maktablari, shuningdek, Ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktablari va yana bir qator sport ob’ektlariga tashrif amalga oshirildi.
Kechga yaqin MOQ rahbariyati vakillari mahalla qizlari o‘rtasida chim ustida xokkey bo‘yicha Buxoro viloyati prokurori kubogining final uchrashuvi va taqdirlash marosimida ishtirok etdilar. O‘sha yerning o‘zida chim ustida xokkeyga mo‘ljallangan arenani viloyat yoshlari uchun qayta ta’mirlash bo‘yicha fikr almashishdi.