31 May 2022 1375

MOQ rahbariyati Prezident topshirigʻi asosida hududlarga tashrif buyurmoqda

Maʼlumki, joriy yilning 23-may sanasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida sport taʼlimini yaxshilash, iqtidorli sportchilarni saralash va ularning zaxirasini yaratish hamda murabbiylarni tayyorlash boʻyicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazilgan edi.

Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda Sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi rahbariyatiga mazkur yoʻnalishda bir qator topshiriqlar berildi. Milliy Olimpiya qoʻmitasi va Sportni rivojlantirish vazirligi hamkorligida tuzilgan reja asosida topshiriqlar ijrosini hududlar kesimida amalga oshirish ishlari boshlab yuborildi. Qoʻmita raisi oʻrinbosarlari Azizjon Kamilov va Sherzod Tashmatov bu boradagi loyihani Andijon viloyatidan boshlashdi.

Mutasaddilar tashrif davomida viloyat hokimligi, viloyat sportni rivojlantirish boshqarmasi, BOʻSM, IBOʻSM, OZKlarning masʼul mutasaddilari, trener va hakamlari bilan uchrashuv oʻtkazishdi. Tadbirda Azizjon Kamilov Prezidentimiz tomonidan videoselektor yigʻilishida bildirilgan barcha tanqidiy eʼtirozlar oʻrinli ekanligi, sohada yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish uchun ustuvor vazifalar belgilab berilganligini aytib oʻtdi. A.Kamilov soʻz yakunida bu boradagi ishlarni amalga oshirishda barchadan oʻz vazifalariga masʼuliyat va vijdonan yondashishni soʻradi.

Tashrif davomida ishchi guruh sport maktablari, Olimpiya zaxiralari kollejlari, federatsiya va Respublika oliy sport mahorati maktablari oʻrtasida seleksiya borasida uzviy yangi mexanizmni shakllantirish, sport taʼlimini yanada yaxshilash va iqtidorli sportchilarni tayyorlash, Olimpiya zaxiralari kollejlaridan munosib sportchilarning yetishib chiqmasligi sabablari, joylardagi mutaxassis va trenerlarning malakasi, yoshlarni sportga jalb qilish, iqtidorli sportchilarni saralash va seleksiya qilish boʻyicha milliy chempionatlarning viloyat bosqichini oʻtkazish tizimlarini oʻrganib chiqdi.

Bundan tashqari, hududlarda sport turlari boʻyicha faoliyat olib borayotgan trenerlar va hakamlarning shaffof ishlash tizimini yaratish, ularning salohiyatini hamda ish samaradorligini oshirish masalalari ham koʻrib chiqildi.

Uchrashuv davomida Sherzod Tashmatov, hududlarda yoshlarni sportga jalb etish, ularni saralash boʻyicha yangi tizim joriy qilish boʻyicha Prezidentimiz bergan topshiriqlari asosida, dzyudo va taekvondo sport turlari misolida yangi tizim ishlab chiqilganligini qayd etdi. Shuningdek, u yangi tizim mexanizmi boʻyicha musobaqalarni sport turlari xususiyatlaridan kelib chiqib, har bir hududning tuman va shaharlarida yosh toifalari boʻyicha zonalar va sektorlar kesimida oʻtkazish, hududlarga masʼul mutaxassislarni biriktirish, bahslarni boshqarishda shaffof va odilona hakamlik korpuslarini yaratish, musobaqada gʻolib va sovrindor boʻlgan iqtidorli sportchilarni sport maktablari va Olimpiya zaxiralari kollejlariga yoʻnaltirish tizimi bilan tanishtirib oʻtdi.

Ushbu ishlab chiqilgan yangi tizim mexanizmi boshqa Olimpiya sport turlari boʻyicha ham zonalar va sektorlar kesimida yoshlarni sportga jalb etish va seleksiya musobaqalari oʻtkazishda qoʻllanilishini maʼlum qildi.

Ishchi guruhning keyingi manzili Fargʻona viloyati boʻladi.

Text to speech