31 May 2022 1642

Samarqandda bolalar uchun ikkinchi velomarafon tashkil etildi

Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi, Oʻzbekiston Velosport federatsiyasi hamda Samarqand viloyati hokimligi bilan hamkorlikda Samarqand shahrida “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni”ga bagʻishlab maktabgacha yoshdagi bolalar oʻrtasida II velomarafon oʻtkazildi.

Koʻtarinki kayfiyatda oʻtgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati raisi, Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi raisi Tanzila Narbayeva, Oʻzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, Oʻzbekiston MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov ishtirok etishdi.

Samarqand shahar MTMlarining 6 yoshdagi 120 nafar ishtirokchilari Alisher Navoiy koʻchasi (Savdo-sanoat palatasi oldidan SamDU Fizika fakultetiga qadar) boʻylab harakatlandilar.

Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bagʻishlab tashkil etilgan dastlabki velomarafon 2021-yil Toshkent shahrida oʻtkazilgan edi. Shu bilan birga, 2021-yilda maktabgacha taʼlim tizimiga ekologik taʼlim-tarbiyani hamda bolalar uchun begovel haydash metodikasini joriy etish boʻyicha loyiha ishga tushirildi. Mazkur tashabbus maktabgacha yoshdagi bolalarning bu boradagi bilimlarini oshirish imkonini berdi. Buning uchun 13 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti 400 ta begovel bilan taʼminlandi. Joriy yilda esa, loyiha doirasida 20 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tanlab olinib, ularga 500 ta begovel taqdim etildi.

Bolalar velomarafonining asosiy maqsadi atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil transport turidan foydalanish sohasida barqaror koʻnikmalarni rivojlantirish, shuningdek, maktabgacha yoshdagi bolalar oʻrtasida velosportni ommalashtirish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish va xulq-atvor madaniyatini oshirish, yoʻl harakati xavfsizligi qoidalariga rioya qilishga oʻrgatishdan iborat.

Samarqand shahridagi velomarafonda ishtirok etgan bolalar esdalik medallari, sovgʻalar bilan taqdirlandilar.

Text to speech