31 May 2022 1220

Jahon ogʻir atletikasi oʻzgarishlar ostonasida

25-26-iyun kunlari Albaniyaning Tirana shahrida oʻtadigan Xalqaro ogʻir atletika federatsiyasining (IWF) Kongressidan soʻng tashkilot tizimida ulkan oʻzgarishlar roʻy beradi. Unda IWF rahbariyati va bir qator boshqaruv tizimlari tarkibi shakllantirib olinadi.

IWF prezidentligi saylovida ishtirok etish uchun 11 nafar, vitse-prezidentlik uchun 33 nafar nomzodga ruxsat berildi. Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasining maʼlum qilishicha, tegishli komissiya tomonidan tasdiqlangan hamda Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi eʼtirof etgan IWF vitse-prezidentligiga, Ijroiya kengashiga, tegishli komissiyalarga nomzod sifatida maʼqullaganlar orasida oʻzbekistonlik mutaxassislar ham qayd etilgan.

Sportni rivojlantirish vaziri oʻrinbosari, Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov IWF vitse-prezidentligi hamda Ijroiya kengash aʼzoligiga nomzod sifatida koʻrsatilgan boʻlsa, yana bir yurtdoshimiz, Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi xalqaro boʻlim boshligʻi Zuhra Abdullayeva IWFning ikkita yetakchi komissiyasi aʼzoligiga daʼvogarlar qatoridan joy olgan.

IWF prezidentligiga daʼvogar boʻlgan 11 nafar nomzoddan ikkitasi AQSHdan, besh nafari IWF Ijroiya kengashining amaldagi aʼzosi va ikkitasi Xalqaro ogʻir atletika federatsiyasining sobiq boshqaruv aʼzolaridir. IWFning yangi yetakchisi boʻlish uchun hozirda Kengash aʼzolari boʻlgan qatarlik Yusif Al-Mana, finlyandiyalik Karolina Lundal, qozogʻistonlik Janat Tusupbekov, gretsiyalik Pirros Dimas va iroqlik Muhammad Jalud oʻz nomzodini ilgari surgan.

Shuningdek, 2020-yil oktabr oyida IWFning vaqtincha prezidenti boʻlgan va lavozimidan chetlatilgan amerikalik Ursula Papandrea, AQSH ogʻir atletika federatsiyasi rahbari Paula Aranda, 2013 va 2017-yilgi prezidentlik saylovlarida qatnashgan italiyalik Antonio Urso, Xitoy ogʻir atletika assotsiatsiyasi prezidenti Szinciang Jou, eronlik Ali Moradi, singapurlik Tom Liau Xalqaro ogʻir atletika federatsiyasi yetakchiligi uchun kurash olib borishi tasdiqlandi. Ular safida rossiyalik Maksim Agapitov ham boʻlishi mumkin. Faqat u Sport arbitraj sudiga (CAS) taqdim etgan apellyatsiyada gʻalaba qozonsagina nomzodlar qatoriga kira oladi.

Text to speech