30 May 2022 1539

Oʻzbek sporti zabardast farzandidan ayrildi

Inna lillahi va Inna ilayhi rojiʼun!

Bugun oʻzbek sporti, xususan, jurnalistikasida oʻz oʻrniga ega boʻlgan inson Axbor ota Imomxoʻjayev 86 yoshida hayotdan koʻz yumdi.

Axbor Rustamovich Imomxoʻjayev 1936-yil 19-fevral kuni Toshkentda dunyoga kelgan. Axbor ota hayotini jismoniy tarbiya va sport targʻibotiga baxshida qildi.

Butun umri davomida ommaviy sport targʻiboti bilan mashgʻul boʻlgan. Faoliyati davomida futbol uchrashuvlarida hakamlik qilib, Respublika toifasidagi hakam darajasigacha yetib bordi. 10 yil davomida Oʻzbekistonning eng yaxshi hakamlari qatorida boʻlgan, “Paxtakor” futbol klubida jamoa boshligʻi lavozimida ishlagan. Oʻzbekiston televideniyesida esa sport tahririyati sharhlovchisi, boʻlim mudiri va bosh muharrir lavozimlarida faoliyat koʻrsatdi. Ushbu dargohdagi uzoq yillik faoliyati orqali Axbor Imomxoʻjayev oʻzbek futbol sharhlovchiligi maktabiga asos soldi.

U insondan bizga “Futbol – quvonchim, dardim, faxrim”, “Maftuningman, futbol” va “Oʻzbegimning Mirjaloli”, oʻzbek futbolining 100-yilligiga bagʻishlab “Asr futbolidagi asl qadrdonlarim” kabi nodir kitoblar qoldi. Axbor ota oʻzbek sporti rivojiga qoʻshgan hissasi uchun hayotligida hukumatimiz tomonidan “Shuhrat” medali, “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiyi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan. Shuningdek, Turon fanlar akademiyasining akademigi va Oʻzbekiston jurnalistlarining “Oltin qalam” milliy mukofoti laureati boʻlgan.

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi Axbor ota Imomxoʻjayevning vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga, oila-aʼzolariga chuqur hamdardlik bildiradi. Marhumning yaqinlariga yaratgandan sabr tilab qolamiz.

Text to speech