30 May 2022 2115

Oʻz vaqtida dunyoning eng yaxshi murabbiyi deb tan olingan Andrey Shturbabin 50 yoshda!

Bugun Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sport ustozi Andrey Shturbabin oʻzining yarim asrlik yoshini qarshi olmoqda.

Andrey Anatolyevich Shturbabin 1972-yil 30-may kuni tavallud topgan. Sportchilik faoliyati davomida Atlanta-1996 va Sidney-2000 Olimpiadalarida ishtirok etgan. Bangkok-1998 Osiyo oʻyinlarida va qitʼa chempionatlarida shohsupaga koʻtarilgan. Andrey Anatolyevichning murabbiylik faoliyati yorqin sahifalarga boy. Jumladan, u 3 karra Olimpiya oʻyinlari sovrindori Rishod Sobirov, Rio-2016 Olimpiadasi bronza medali sohibi Diyorbek Oʻrozboyev kabi nomdor polvonlarni tarbiyalagan.

Shturbabin bir necha yil davomida Oʻzbekiston terma jamoasida bosh murabbiy sifatida samarali faoliyat yuritdi. 2011-yilda Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) tomonidan dunyoning eng yaxshi murabbiyi deb topilgan. U maʼlum muddat Eron terma jamoasiga ham ustozlik qildi. Bugungi kunda Sloveniya terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritmoqda.

Tajribali murabbiy Andrey Shturbabin koʻp yillik xizmatlari uchun hukumatimiz tomonidan “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sport ustozi” faxriy unvoni, “Doʻstlik” ordeni hamda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Andrey Shturbabinni tugʻilgan kuni bilan muborakbod etib, unga uzoq umr, kelgusi faoliyatida yangi zafarlar tilab qoladi.

Text to speech