Konkurchilarimiz Yevrosiyo ligasi Millatlar kubogini yuqori notada yakunlashdi
Qozog‘istonning Olma-ota shahrida ot sportining konkur yo‘nalishi bo‘yicha 26 may kuni start olgan Yevrosiyo ligasi Millatlar kubogining 3-bosqich bahslari poyoniga yetdi.
Bugun musobaqaning eng asosiy yo‘nalishida g‘olib aniqlandi. Gran-pri tasnifida balandligi 150 smni tashkil etgan to‘siqlardan o‘tish dasturida Umid Kamilov oltin medalga sazovor bo‘ldi. Sportchimiz “Jordi” tulporida qirg‘izistonlik asosiy raqobatchisini o‘zining mohirona harakatlari bilan ortda qoldirdi.
Shuningdek, “Joker” dasturida yana bir iqtidorli hamyurtimiz Xurshidbek Alimjonov “Kordon Bleu” bilan 870 ball jamg‘arib, musobaqa g‘olibiga aylandi. “Joker” konkurning o‘ziga xos yo‘nalishi bo‘lib, har bir to‘siqlardan o‘tish chavandozga qo‘shimcha ball taqdim qiladi. Bunda ochkolar miqdori har to‘siqlardan so‘ng oshib boradi.
Ushbu mavsumlardagi ajoyib g‘alabalar chavandozlarimizga qatorasiga ikkinchi yil Jahon kubogining final bosqichlarida ishtirok etish imkoniyatini taqdim qilmoqda. Ortda qolgan 3 bosqichda chavandozlarimiz jamoaviy dasturda qatorasiga ikkinchi marta Barselonada bo‘lib o‘tadigan konkur bo‘yicha Millatlar kubogining final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan bo‘lsalar, terma jamoamiz yetakchisi Nurjan Tuyakbayev kelasi yil AQShning Omaxa shahri mezbonlik qiluvchi Jahon kubogining finali ishtirokchisiga aylandi.
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi konkurchilarimizning Yevrosiyo ligasi Millatlar kubogidagi muvaffaqiyatli ishtiroki bilan O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, terma jamoamiz vakillarini samimiy muborakbod etib, Jahon kubogining final bellashuvlarida ham ularga ulkan g‘alabalar tilaydi.