Delegatsiyamiz Islom birdamligi oʻyinlarida barcha sport turlarida asosiy tarkib bilan qatnashadi
Joriy yil Xitoyning Xanchjou shahrida oʻtishi kerak boʻlgan XIX Osiyo oʻyinlari Parij-2024 Olimpiadasidan oldin eʼtiborda boʻlgan eng muhim start edi. Biroq musobaqa Xitoyda avj olgan koronavirus pandemiyasining yana bir toʻlqini sabab nomaʼlum muddatga kechiktirildi. Shu bois Turkiyaning Konya shahrida oʻtadigan V Islom birdamligi oʻyinlari muhimlik jihatdan birinchi planga chiqdi.
Bugun Milliy Olimpiya qoʻmitasida ushbu kompleks musobaqa tayyorgarligiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda Sportni rivojlantirish vazirining oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov, federatsiya va assotsiatsiyalar masʼullari ishtirok etishdi. Dastlab Shahrullo Mahmudov musobaqa tayyorgarligiga katta eʼtibor qaratilayotgani haqida toʻxtalib oʻtdi.
“Avval Konyadagi musobaqa uchun zaxira tarkibini yuborishni moʻljallayotgan edik. Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlari bekor boʻlgach, endi barcha yoʻnalishlarda asosiy tarkibni jalb qilamiz. Unda Eron, Qozogʻiston, Indoneziya kabi Osiyo davlatlari qatorida Ozarbayjon, Misr, Turkiya kabi boshqa qitʼa vakillari ham boʻlishi, ishtirokchi mamlakatlar geografiyasining kengayishi baʼzi sport turlari uchun bellashuvlar Osiyo oʻyinlaridan ham murakkab oʻtishini anglatadi. Eng muhimi bu Islom birdamligi oʻyinlari Parij-2024 Olimpiya oʻyinlari oldidan atletlarimizning tayyorgarligini sinovdan oʻtkazib beradi. Undagi ishtirokimiz bilan xalqimiz, Prezidentimiz va hukumatimiz oldida oʻziga xos imtihondan oʻtamiz. Shu bois bor kuchimizni Konyadagi musobaqaga yoʻnaltiramiz. Buning uchun bugunning oʻzida barchadan yana bir bor roʻyxatdan oʻtkazilgan tarkibni qayta koʻrib chiqishingizni soʻrab qolamiz”, – dedi Shahrullo Mahmudov.
Sherzod Tashmatov terma jamoalardan musobaqagacha optimal tarkib bilan yuqori sport formasida yetib borishni soʻradi:
“Barcha sport turlarida xalqaro federatsiya taqvimidan oʻrin olgan muhim musobaqalar bor. Islom birdamligi oʻyinlariga yuqori formada yetib borish uchun yakkakurash turlarida iyul oyida oʻtadigan turnirlarga asosiy tarkibni jalb qilmaslik maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz. Boisi unda atletlarimiz kichik boʻlsa ham jarohat olgudek boʻlsalar, avgust oyida boʻladigan Islom birdamligi oʻyinlariga toʻliq tiklana olmasliklari mumkin. Rejaga koʻra, barcha terma jamoalarimiz iyul oyini toʻlaligicha oʻquv-mashgʻulot yigʻinida oʻtkazishadi. 2017-yil Ozarbayjonda 63 ta medal bilan umumjamoa hisobida toʻrtinchi boʻlgan edik. Bu yil Turkiyada oʻtadigan ushbu kompleks musobaqada 57 ta davlatdan tashrif buyuradigan atletlar ishtirok etishi kutilmoqda. Biz ham unga katta tarkibni jalb etib, shunga mos ravishda yuqori natija bilan qaytishni maqsad qilganmiz”.
Yigʻilish davomida har bir federatsiya masʼullari bilan musobaqaga roʻyxatdan oʻtkazilgan tarkib muhokama qilindi. Sherzod Tashmatov suzish, yengil atletika kabi medallar jamlanmasi koʻp boʻlgan turlar delegatsiyamizning umumjamoa hisobida yetakchilar qatoriga kirishida oʻziga xos lokomotiv boʻlishlari zarurligini taʼkidladi. Mutasaddilar barcha terma jamoalarning oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini oʻtkazishga sharoit yaratib berilishi, buning uchun masʼullardan yigʻin manzili va unda qatnashadigan shaxslar soni boʻyicha aniq maʼlumotlarni tez fursatda taqdim etishlarini soʻrashdi.
Tadbirning ikkinchi yarmi 23-may kuni Prezidentimiz raisligida oʻtgan videoselektor yigʻilishida koʻtarilgan masalalar, berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlashga bagʻishlandi. Unda Sherzod Tashmatov Andijon viloyati misolida taekvondo va dzyudo boʻyicha tuzilgan ommaviy musobaqalar rejasi bilan tanishtirdi. Shundan kelib chiqqan holda har bir federatsiyalarga tuman va shaharlar kesimida ana shunday ommaviy turnirlar rejasini shakllantirish boʻyicha koʻrsatma berildi.