Chavandozlarimiz Qozogʻistonda ham gʻolibona odimlashmoqda
Qozogʻistonning Olma-ota shahrida ot sportining konkur yoʻnalishi boʻyicha Yevrosiyo ligasining Millatlar kubogi bahslari boʻlib oʻtmoqda. 9 mamlakat vakillari ishtirokidagi musobaqaning bugungi bellashuvlari terma jamoamiz uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
140 sm balandlikda oʻtkazilgan dasturda “Jordi” laqabli tulporda ishtirok etgan Umid Komilov eng yaxshi natijani qayd etib, oltin medalga sazovor boʻldi. Yanada ahamiyatlisi, ikki kunlik bellashuvlardan soʻng “Yevrosiyo ligasining Millatlar kubogi-2022” musobaqasida raqiblarini katta tafovut bilan ortda qoldirgan terma jamoamiz yakuniy hisobidagi yetakchilikni rasmiylashtirdi va bosh sovrin bilan taqdirlandi.
Maʼlumot uchun, musobaqaning bu yilgi bahslarida jamoamiz tarkibida Bekzod Qurbonov, Nurjan Tuyakbayev, Xurshidbek Alimjonov va Umid Komilov betakror chiqishlari bilan gʻalabaga munosib hissa qoʻshishdi. Ushbu muvaffaqiyat jamoamizga qatorasiga ikkinchi marta joriy yil sentyabr oyida Barselonada oʻtadigan Millatlar kubogining final bosqichiga yoʻl ochdi.