27 May 2022 2868

Oʻzbekiston qilichbozlik federatsiyasiga yangi rahbar saylandi

Bugun Oʻzbekiston qilichbozlik federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi oʻtkazildi. Unda federatsiyaga yangi rahbar saylash kun tartibidagi asosiy masala boʻldi.

Tadbirda Oʻzbekiston qilichbozlik federatsiyasi mutasaddilari, sportchi va murabbiylar ishtirok etishdi. Yigʻilishda dastlab shu davrgacha Oʻzbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisi lavozimida ishlab kelgan Rustam Shoabdurahmonovning oʻz xohishiga koʻra yozgan arizasi koʻrib chiqildi va delegatlar tomonidan qabul qilindi.

Shundan soʻng yigʻilish kun tartibidagi asosiy masalaga oʻtildi. Unda “Kapitalbank” ATB Kuzatuv kengashi raisi Abdusamatov Maqsud Abduvaliyevichning nomzodi Oʻzbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisi lavozimiga taklif etildi va konferensiya ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan maʼqullandi. Shu tariqa Maqsud Abdusamatov Oʻzbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisi etib saylandi.

“Avvalambor, menga bildirilgan ishonch uchun minnatdorchilik bildiraman. Hozirda ushbu sport va qilichbozlik oilasining ichiga kirib, vaziyat bilan yaqindan tanishmoqdaman. Oʻrganishlar asosida yangi istiqbolli rejalarni shakllantiramiz. Oldimizda turgan yirik musobaqalarda sportchi va murabbiylarimizning muvaffaqiyatga erishishlari uchun barcha sharoitlarni yaratib beramiz” – dedi Maqsud Abdusamatov.

Soʻng kun tartibiga muvofiq, Oʻzbekiston qilichbozlik federatsiyasiga yangi bosh kotib saylandi. Unga koʻra, ushbu vazifada faoliyat koʻrsatib kelgan Gulnora Saidova mazkur lavozimga qayta saylandi.

Konferensiya ishtirokchilari Rustam Shoabdurahmonovning boshqaruvi davrida oʻzbek qilichbozligi qayta uygʻonganligi, yoshlar oʻrtasida birinchi jahon chempioni yetishib chiqqani, Olimpiya oʻyinlariga ilk bor 3 ta litsenziya qoʻlga kiritilganini alohida taʼkidlab oʻtishdi. Oʻz navbatida yangi saylangan rahbarga ushbu gʻalabalarni davom ettirish yoʻlida kuch-gʻayrat tilashdi.

Shu tariqa Oʻzbekiston qilichbozlik federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi oʻz ishini yakunladi.

Text to speech