25 May 2022 1682

Yashnobodlik yoshlar uchun “Bolalarga bering dunyoni!” bayram dasturi oʻtkazildi

Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi “Katta-Qoʻyliq” mahallasida “Bolalarga bering dunyoni!” shiori ostida bayram dasturi boʻlib oʻtdi. Davlatimiz rahbarining mahallalarda yoshlar orasida ommaviy sport targʻibotini yanada kuchaytirish boʻyicha bergan topshirigʻi asosida oʻtkazilgan ushbu tadbir yigʻilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Unda Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati, mahalla faollari, mehnat va sport faxriylari, tuman hokimiyati mutasaddilari, qolaversa, taniqli dzyudo murabbiyi Farhod Toʻrayev boshchiligidagi yosh polvonlar ishtirok etishdi.

Bayram dasturida mahalla yoshlari sport sohasidagi qobiliyatlarini namoyish qilishdi. Dzyudo, oʻzbek milliy kurashi va erkin kurash boʻyicha koʻrgazmali chiqishlar yigʻilganlar uchun manzur boʻldi. Sportchi yoshlar va faxriylar oʻrtasida oʻtkazilgan uchrashuvda koʻp yillik hayotiy tajribaga ega boʻlgan oqsoqollar kelajak avlod vakillari uchun qimmatli maslahatlarini berishdi.

Yakunda tadbirning badiiy qismi, shoʻx kuy-qoʻshiqlar mahalla fuqarolariga yanada koʻtarinki kayfiyat ulashdi.

Text to speech