25 May 2022 1147

Olma-otada chavandozlarimizdan yangi gʻalabalar kutamiz

26-29-may kunlari Qozogʻistonning Olma-ota shahrida ot sportining konkur yoʻnalishi boʻyicha Yevrosiyo ligasining Millatlar kubogi bahslarining uchinchi bosqich bellashuvlari boʻlib oʻtadi. Ahamiyatlisi, unda oʻzbekistonlik chavandozlar ham gʻoliblik uchun bahs olib boradilar.

Ortda qolgan ikki bosqichda raqiblarga qaraganda ancha koʻp ochko jamgʻargan hamyurtlarimiz yakunda Yevrosiyo ligasi atletlari orasida yetakchilikni saqlab qolishadi. Boʻlajak bosqichda mazkur mintaqa sportchilari bilan bir qatorda Germaniya va Niderlandiyadan tashrif buyuradigan chavandozlar ham bosh sovrin uchun bellashadilar.

Avvalgi musobaqalardan farqli ravishda Qozogʻistondagi bahslar chim qoplamali maydonda oʻtkaziladi. Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi terma jamoamiz vakillariga boʻlajak startda ulkan omad va muvaffaqiyatlar tilab qoladi.

Maʼlumot uchun, avvalgi ikki bosqichda muvaffaqiyatli ishtirok etgan chavandozlarimiz jamoaviy dasturda qatorasiga ikkinchi marta Barselonada boʻlib oʻtadigan konkur boʻyicha Millatlar kubogining final bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritgan boʻlsalar, terma jamoamiz yetakchisi Nurjan Tuyakbayev kelasi yil AQSHning Omaxa shahri mezbonlik qiluvchi Jahon kubogining finaliga muddatidan avval yoʻllanmani rasmiylashtirgan.

Text to speech