ShHT yigʻilishi mintaqa sportini birlashtiradigan ulkan platforma boʻldi
Sportni rivojlantirish vazirligida Oʻzbekistonning ShHT ga raisligi doirasida ilk bor aʼzo davlatlar jismoniy tarbiya va sport vazirlarining uchrashuvi tashkil etildi.
ShHT Bosh kotibi Chjan Min mintaqada jismoniy tarbiya va sport orqali aholi salomatligini oshirish yoʻlida ushbu yigʻilishning katta ahamiyatga ega ekani haqida toʻxtaldi. Zero, ushbu davlatlarda 3 milliarddan ziyod aholi istiqomat qiladi va ularning ommaviy sport bilan mashgʻul boʻlishlari har bir millat kelajagi uchun juda muhimdir.
Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vaziri A.Ikramov, Oʻzbekiston MOQ Bosh kotibi O.Kasimov, Rossiya Federatsiyasi Sport vaziri O.Matitsin, Hindistonning Yoshlar va sport masalalari boʻyicha faxriy vaziri A.Singx, Qozogʻiston Respublikasi Madaniyat va sport vazirining oʻrinbosari S.Jarasbayev, Qirgʻiziston Respublikasi Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vaziri A.Jamankulov, Tojikiston Respublikasi Hukumat qoshidagi Yoshlar va sport qoʻmitasi raisi oʻrinbosari P.Sobirzoda, Pokiston Islom Respublikasi Sport kengashi prezidenti Ehson ur-Rahmon, Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Szyan Yan qatnashdi. Pandemik vaziyat tobora jiddiy tus olayotganligi sababli Xitoy Xalq Respublikasi delegatsiyasi yigʻilishda onlayn tarzda ishtirok edi.
Yigʻilish kun tartibidan kelgusida rejalashtirilgan yuqori darajadagi sport musobaqalarini tashkil etishda hamkorlikni rivojlantirish, ShHT davlatlari oʻrtasida sport sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, mamlakatlar va hududlararo aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Shu bilan birga ishtirokchilar aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishda oʻzaro tajriba almashish, yoshlarni sportga jalb qilishda keng miqyosli loyihalarni amalga oshirish mavzulariga ham toʻxtalishdi.
Jumladan, Qirgʻiziston tomoni sentyabr oyida Issiqkoʻlda ShHT oʻyinlarini tashkil etish tashabbusi bilan chiqqan boʻlsa, Rossiya sport vaziri ushbu muloqot uzviyligini taʼminlash maqsadida doimiy faoliyat yurituvchi komissiya yoʻlga qoʻyish gʻoyasini oʻrtaga tashladi. Oʻzbekistonning sohadagi islohotlari, quyi boʻgʻindan sportni targʻib etishga qaratilgan 5 tashabbus Olimpiadasi, qolaversa, Oybek Kasimov tomonidan tanishtirilgan “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo oʻyinlariga tayyorgarlik taqdimoti mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi. Tomonlar kun tartibidagi masalalar yuzasidan bir toʻxtamga kelib, yakunda oʻzaro hamkorlik kelishuvini imzoladilar.
Qayd etish joiz, yigʻilish doirasida bir qator mamlakatlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada chuqur yoʻlga qoʻyish mavzulariga qaratilgan ikki tomonlama uchrashuvlar ham boʻlib oʻtdi. Shu tariqa, SHHTga aʼzo mamlakatlarning jismoniy tarbiya va sport boʻyicha vazirlik hamda idoralari rahbarlari ishtirokidagi asosiy yigʻilish oʻz ishini yakunladi.