19 May 2022 1272

BAAning marhum prezidenti xotirasiga ehtirom koʻrsatildi

13-may kuni BAA Prezidenti Shayx Xalifa bin Zoid Ol Nahayon dunyodan koʻz yumdi. Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi va MOQ rahbariyati marhum davlat rahbarining vafoti yuzasidan BAAning Oʻzbekistondagi elchixonasiga tashrif buyurib, Amirlik xalqiga chuqur hamdardlik izhor qildi.

Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov va uning oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimovni BAAning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Said Matar Sulton Al Siri Al Kamzi qarshi oldi. Mutasaddilarimiz suhbat davomida Shayx Xalifaning uzoq yillar davomida oʻz yurtini halollik va adolat bilan boshqargani, ayniqsa, mamlakatda sport rivojiga alohida eʼtibor qaratganini xotirlashdi.

Shundan soʻng Adham Ikramov elchixonaga oʻzining hamdardlik tilaklarini yozib qoldirdi:

“Oʻzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi va Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi BAA Prezidenti Shayx Xalifa bin Zoid Ol Nahayon vafotidan chuqur qaygʻuda.

Shayx Xalifa halol inson, adolatli rahbar boʻlib, butun umrini xalqiga xizmat qilish, davlatini yuksaltirishga bagʻishladi. Shunday qaygʻuli vaqtda biz marhumning oilasi hamda BAA xalqi bilan birgamiz. Ular uchun duodamiz!

Chuqur va samimiy hamdardligimizni qabul qiling”.

Text to speech