Oʻzbekiston va Qozogʻiston sport vazirlari doʻstona aloqalarni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Maʼlumki, ayni kunlarda ShHTga aʼzo davlatlarning jismoniy tarbiya va sport boʻyicha vazirlik hamda idoralari rahbarlari Toshkentda boʻlib turishibdi. Bugun Oʻzbekiston va Qozogʻiston Respublikalarining sport vazirlari ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov va uning oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, Oʻzbekiston MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qozogʻiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vaziri Dauren Abayev hamda uning oʻrinbosari Serik Jarasbayev ishtirok etishdi.
Samimiy ruhda oʻtgan uchrashuv davomida Adham Ikramov Prezidentimiz tomonidan yurtimizda jismoniy tarbiya va sport taraqqiyoti, sogʻlom turmush tarzi targʻibotini kuchaytirish boʻyicha olib borilayotgan islohotlar haqida maʼlumot berdi.
Maʼlumki, har ikki mamlakat sport sohasida nafaqat qitʼamiz, balki jahonda oʻz mavqeyini mustahkamlab bormoqda. Uchrashuvda hamkorlikdagi rivojlanish strategiyalarini koʻrib chiqish, doʻstona aloqalarni yanada mustahkamlash boʻyicha soʻz bordi. Bu borada yirik kompleks musobaqalar, qitʼa va jahon chempionatlari oldidan har ikki mamlakat terma jamoalari ishtirokida qoʻshma oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini oʻtkazish, ilm-fan va tibbiyot sohalarida erishilgan yutuqlarni baham koʻrish, murabbiy va hakamlar malakasini oshirish boʻyicha fikr almashildi.