Osiyo oʻyinlariga yoʻllanma bilan qaytgan chim ustida xokkeychilarimiz munosib kutib olindi
6-15-may kunlari Tailandning Bangkok shahrida chim ustida xokkey boʻyicha Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlariga yoʻllanma beruvchi musobaqa boʻlib oʻtdi. Unda muvaffaqiyatli ishtirok etib, ilk bor “Osiyo Olimpiadasi”ga yoʻl olgan yigitlarimiz Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.
Marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari, Oʻzbekiston chim ustida xokkey federatsiyasi raisi Bahodir Ahmedov, Sportni rivojlantirish vazirining oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov va Sportni rivojlantirish vazirining maslahatchisi Avazjon Karimov, federatsiya xodimlari va sportchilarimizning yaqinlari ishtirok etishdi.
Mutasaddilar xokkeychilarimizni qarshi olishar ekan, ularning ushbu muvaffaqiyati kelgusida mazkur sport turining mamlakatimizda yanada ommalashishiga zamin yaratishini alohida urgʻulashdi.
Boʻlajak Osiyo oʻyinlari Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga saralash vazifasini oʻtab beradi. Rasmiylar jamoamizning musobaqaga tayyorgarligi uchun barcha sharoitlar yaratib berilishini, yigitlarimizdan Xanchjou-2022da bundan ham ulkan gʻalabalar kutib qolishlarini taʼkidladilar.