18 May 2022 1523

Futbolimiz afsonalari italiyalik jahon chempionlarini magʻlub etishdi

Oʻzbek futbolining shonli oʻyinlariga guvoh boʻlgan “Paxtakor” markaziy stadioni yana bir tarixiy uchrashuvni qabul qildi. OʻFA hamda “BMB Trade Group” tomonidan oʻzbek futbolining 110-yilligi munosabati bilan tashkil etilgan kechada Oʻzbekiston va Italiya futboli afsonalari oʻrtasida oʻrtoqlik uchrashuvi oʻtkazildi.

Oʻyinning rasmiy ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, MOQ raisi oʻrinbosari, OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov ishtirok etib, futbolchilarimiz va ashaddiy muxlislarimizni oʻzbek futbolining 110-yilligi bilan qutlashdi.

Shu kuni stadionga yigʻilgan minglab tomoshabinlar ilgari faqat oynayi jahon orqali koʻrgan Italiya futboli afsonalarining jozibador harakatlariga oʻz koʻzlari bilan guvoh boʻlishdi. Bunday unutilmas oʻyin oʻzimizning yigitlar bilan futbolimizning 110-yillik tantanasi arafasida oʻtkazilgani esa muxlislar xotirasida uzoq yillar saqlanib qoladi.

Bevosita oʻyin haqida toʻxtalsak. Odatda bunday uchrashuvlarda durang natija qayd etilar edi. Biroq oʻyinchilarimizdagi gʻalabaga chanqoqlik va gol zavqi har dam raqib darvozasi tomon olgʻa yetaklab turdi. Buning natijasida yigitlarimiz tarkibida jahon va Yevropa chempioni boʻlgan italiyalik charm toʻp ustalarini 3:2 hisobida dogʻda qoldirdilar. Jamoamiz safida Sanjar Tursunov, Neʼmatillo Quttiboyev va Server Jeparov bir boradan Kristian Abbyatti darvozasini ishgʻol qilgan boʻlsalar, raqib jamoa safida 2006-yilgi jahon chempioni Vinchenso Yakvinta dubl qayd etdi.

Faxriylar uchrashuvi
Oʻzbekiston – Italiya 3:2

Gollar: Tursunov 19ʻ, Quttiboyev 31ʻ, Jeparov 47ʻ – Yakvinta 8ʻ, 30ʻ

Ushbu bellashuv ikkinchi taymni boshqargan Ravshan Irmatov, shuningdek, Odil Ahmedov, Temur Kapadze, Server Jeparov, Anzur Ismoilov, Azizbek Haydarov, Ignatiy Nesterov, Sanjar Tursunov, Akmal Shorahmedov kabi milliy terma jamoamizning sobiq futbolchilari uchun ramziy maʼnodagi xayrlashuv oʻyini ham boʻldi.

Bahs yakunida Abdujabbor Abduvohidov oʻzbek hakamlik maktabini dunyoga tanitgan R.Irmatov va uning yordamchilari Bahodir Qoʻchqorov hamda Abduhamidullo Rasulovga, shuningdek faoliyatini yakunlangan yana bir taniqli referimiz Valentin Kavalenkoga minnatdorchilik sifatida esdalik sovgʻalarini taqdim qildi. Tadbir davomida futbolimiz istiqboli yoʻlida uzoq yillar davomida mehnat qilgan koʻplab faxriylar “Oʻzbek futboli rivojiga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishonlari bilan taqdirlanishdi.

Text to speech