18 May 2022 2345

Boks boʻyicha Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi jahon chempionatini ikkita bronza medali bilan yakunladi

Turkiyaning Istanbul shahri mezbonlik qilayotgan boks boʻyicha ayollar oʻrtasidagi jahon chempionatida terma jamoamiz oʻz ishtirokini tugatdi. Quvonarlisi, musobaqa ayollar boksida dunyo birinchiliklarida qoʻlga kiritilgan ilk medallar sifatida oʻzbek sporti tarixida qoldi.

+81 kg vazn toifasida qatnashgan Mohira Abdullayeva yarim final jangining 1-raundida jarohat olib, bellashuvni davom ettira olmadi. Shu bois hakamlar uning raqibi marokashlik Xayja Mardining gʻalabasini eʼtirof etdilar va yurtdoshimiz bronza medali bilan taqdirlanadigan boʻldi. Eslatib oʻtamiz, bugungi bellashuvlar davomida Aziza Yoqubova ham -50 kg vazn toifasida uchinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan edi.

Shu tariqa, mazkur dunyo birinchiligi terma jamoamiz uchun 2 ta bronza medali bilan yakunlandi. Qayd etish joiz, bu musobaqa ayollar boksida jahon chempionatlaridagi ilk medallar sifatida tarixda qoladi.

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Oʻzbekiston boks federatsiyasini, bokschilarimizni tayyorlagan Elshod Rasulov boshchiligidagi murabbiylar shtabi va sportchilarimizni, millionlab muxlislarimizni Turkiya zaminida qayd etilgan mana shunday yuksak natija bilan samimiy muborakbod etib qoladi.

Text to speech