Yosh stol tennischimiz Yevropa maydonlarida yana bir g‘alabaga erishdi
Polshada stol tennisi bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida "WTT Youth Series" musobaqasining navbatdagi bosqichi bo‘lib o‘tmoqda. Quvonarlisi, unda ishtirok etayotgan terma jamoamiz vakillari oltin va bronza medallariga sazovor bo‘lishdi.
Bu yilgi turnirlarda chinakam kashfiyotga aylanib ulgurgan Asel Erkebayeva yana bir bor o‘z tengqurlari orasida ayni paytda eng kuchli sportchi ekanini isbotladi. U-13 toifasida qatnashgan Erkebayeva hal qiluvchi bellashuvda mezbonlar vakilasi Katarina Rajkovskani 3:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Shuningdek, yarim finalda Aselga imkoniyatni boy bergan boshqa bir hamyurtimiz Arujan Kamalova bronza medali bilan taqdirlandi.
WTT Youth Series, Polsha.
U-13, qizlar:
1. Asel Erkebayeva (O‘zbekiston)
2. Katarina Rajkovska (Polsha)
3. Arujan Kamalova (O‘zbekiston)
3. Yarina Prekup (Ruminiya)