ShHTga aʼzo davlatlar mintaqadagi jismoniy tarbiya va sport istiqbollarini Toshkentda muhokama qilishadi
Joriy yil 19-21-may kunlari Toshkent shahri Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlarning jismoniy tarbiya va sport boʻyicha vazirlik hamda idoralari rahbarlarining navbatdagi yigʻilishiga mezbonlik qiladi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vaziri A.Ikramov, Rossiya Federatsiyasi Sport vaziri O.Matitsin, Hindistonning Yoshlar va sport masalalari boʻyicha faxriy vaziri A.Singx, Qozogʻiston Respublikasi Madaniyat va sport vaziri D.Abayev, Qirgʻiziston Respublikasi Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vaziri A.Jumankulov, Tojikiston Respublikasi Hukumat qoshidagi Yoshlar va sport qoʻmitasi raisi oʻrinbosari P.Sobirzoda, Pokiston Islom Respublikasi Sport kengashi prezidenti Ehsan ur-Rahman qatnashadi. Shuningdek, yigʻilishda Xitoy Xalq Respublikasi delegatsiyasi onlayn tarzda ishtirok etishi rejalashtirilgan.
ShHTga aʼzo davlatlarning jismoniy tarbiya va sport sohasiga masʼul rahbarlari oʻrtasidagi tadbirlar 4 kun davomida oʻtkazilishi rejalashtirilgan boʻlib, dastur doirasida asosiy yigʻilish 20-may kuni tashkil etiladi. Shu bilan birga Toshkentga kelgan delegatsiya vakillarining Milliy Olimpiya qoʻmitasiga tashrifi hamda Toshkent viloyatiga safari ham rejalashtirilgan.
Yigʻilish kun tartibidan kelgusida rejalashtirilgan yuqori darajadagi sport musobaqalarini tashkil etishda hamkorlikni rivojlantirish, ShHT davlatlari oʻrtasida sport sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, davlatlar va hududlararo aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi. Shu bilan birga aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishda oʻzaro tajriba almashish, yoshlarni sportga jalb qilishda keng miqyosli loyihalarni amalga oshirish borasida muhokamalar oʻtkaziladi.
Taʼkidlash lozimki, yigʻilish doirasida ShHTga aʼzo davlatlarning vakolatli organlari oʻrtasida 2022-2024-yillarga moʻljallangan jismoniy tarbiya va sport sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirish rejasi ham tasdiqlanadi.
Bundan tashqari, ShHTning sport sektori rahbarlari jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratishga koʻmaklashish, sport orqali doʻstona aloqalarni mustahkamlash, atletlarni ragʻbatlantirish, Olimpiya harakatini rivojlantirishda hamkorlikni mustahkamlash borasida ham oʻz fikr-mulohazalari bilan oʻrtoqlashadilar.