17 May 2022 1366

Ilk bor sakkiz nafar taekvondochi bilan Gran-prida ishtirok etish imkoniyatiga egamiz

Tez orada taekvondo olamida Gran-pri seriyasiga kiruvchi nufuzli musobaqalar start oladi. Ushbu turnirlarda Olimpiada reytingida yuqori oʻrinda joylashgan sportchilargina ishtirok etishlari mumkin. Boisi, mazkur tasnifdagi vazn toifalari Olimpiya oʻyinlaridagi kabi shakllantirilgan va 4 yillikning eng nufuzli musobaqasiga qimmatli reyting ochkolarini taqdim qiladi.

Oʻzbekiston taekvondo assotsiatsiyasi mutasaddilari, murabbiylar shtabi puxta tuzilgan reja asosida yil avvalida xalqaro musobaqalar orqali taekvondochilarimizga maksimal darajada reyting ochko ishlab olish imkoniyatini taqdim qilishdi. Bundan unumli foydalanib, shohsupaga koʻtarilgan hamyurtlarimiz Gran-prida qatnashish mumkin boʻlgan hududga kira oldilar. Keling, shu oʻrinda taekvondochilarimizning Olimpiada reytingdagi oʻrniga bir nazar tashlaymiz. Bunda Gran-pri musobaqalarida qatnashishi mumkin boʻlgan sportchilarimizning oʻrnini koʻrsatib oʻtamiz.

-68 kg:
1. Bredli Sinden (Buyuk Britaniya) – 274.14
2. Ulugʻbek Rashitov (Oʻzbekiston) – 220.04 …
35. Niyaz Pulatov (Oʻzbekiston) – 68.53

-80 kg:
1. Maksim Xramsov (Rossiya) – 337.51 ...
6. Nikita Rafalovich (Oʻzbekiston) – 166.99 ...
18. Shuhrat Salayev (Oʻzbekiston) – 85.31

+80 kg:
1. Vladislav Larin (Rossiya) – 352.96 ...
44. Shohruh Rajabov (Oʻzbekiston) – 46.56

-57 kg:
1. Anastasiya Zolotich (AQSH) – 316.70 ...
13. Charos Qayumova (Oʻzbekiston) – 125.53

-67 kg:
1. Matea Yelichich (Xorvatiya) – 335.26 ...
14. Feruza Sodiqova (Oʻzbekiston) – 127.71

+67 kg:
1. Byanka Uolkden (Buyuk Britaniya) – 344.76 ...
10. Svetlana Osipova (Oʻzbekiston) – 130.10

Koʻrib turganingizdek, Gran-pri turnirlarida sakkiz nafar vakilimiz ishtirok etishi mumkin. Oʻzbekiston taekvondo assotsiatsiyasining maʼlum qilishicha, terma jamoamiz ilk bor bunday katta tarkibda dunyoning eng sara taekvondochilari bilan raqobat qilishga tayyorlanmoqda. Bu mavsumdagi musobaqalar 3-5-iyun kunlari Rim, 2-4-sentyabr sanasida Parij va 21-23-oktyabrda Manchester shaharlarida oʻtkaziladi.

Text to speech