16 May 2022 1353

“Olimpiya birdamligi” loyihasining yana bir dasturi mamlakatimizda oʻz “meva”sini berdi

Chim ustida xokkey boʻyicha Oʻzbekiston erkaklar terma jamoasi 5-15-may kunlari Tailandning Bangkok shahrida oʻtgan Xanchjou-2022 saralash turniridagi ajoyib ishtiroki bilan koʻplab mutasaddilarning eʼtirofiga sazovor boʻldi. Jamoamiz bellashuvlar davomida metin irodasini namoyish etib, nomdor raqiblarini ortda qoldirdi. Ushbu gʻalaba terma jamoamiz uchun Parij-2024 Olimpiadasi yoʻlida kvalifikatsiya vazifasini oʻtab beruvchi Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlari eshigini ochdi.

Oʻzbekiston chim ustida xokkey federatsiyasi jamoamizni ushbu saralash turniriga tayyorlashda katta saʼy-harakatlarni amalga oshirdi. Bu yoʻlda yuqori saviyadagi raqiblar bilan tajriba almashish imkonini yaratdi. Jamoani shakllantirish va uni tayyorlash katta zahmat talab qildi. Bu borada mamlakatimizda yangi maydonlar qurish, shuningdek, Oʻzbekistonda chim ustida xokkey sportini rivojlantirish kabi ishlar XOQning “Olimpiya birdamligi” va AHF (Osiyo chim ustida xokkey federatsiyasi) koʻmagida DNSS (Milliy sport tizimini rivojlantirish) loyihalari orqali yoʻlga qoʻyildi.

Ushbu amaliy yutuqlarni Osiyo chim ustida xokkey federatsiyasi ham alohida eʼtirof etdi. Jumladan, federatsiya rasmiy saytida chop etilgan bu haqidagi maqolada shunday deyiladi:

«Oʻzbekistonda chim ustida xokkey sport turining bunday yuqori suratlarda rivojlanishida shubhasiz Oʻzbekiston MOQ muhim rol oʻynadi. Qoʻmita koʻmagisiz Oʻzbekiston milliy terma jamoasi hozirgi darajaga erisha olmas edi. Xalqaro xokkey federatsiyasi, Osiyo xokkey federatsiyasi va tashkilot ijrochi direktori Dato Tayyab Ikram Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasiga mamlakatda xokkeyni rivojlantirish yoʻlida koʻrsatayotgan xizmatlari uchun minnatdorlik izhor etadi».

Text to speech