OOK vitse-prezidenti Otabek Umarovni tabriklaymiz!
Bugun Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov tavallud ayyomini nishonlamoqda.
Otabek Umarov 1984 yil 15 may kuni tavallud topgan. Uzoq vaqtdan beri o‘zbek sporti rivojiga ulkan hissa qo‘shib kelayotgan mutaxassislardan sanaladi. Jumladan, O‘zbekiston triatlon federatsiyasi raisi, MMA assotsiatsiyasi asoschisi va birinchi rahbari sifatida yurtimizda ushbu sport turlari, xususan, ommaviy sport targ‘ibotini yangi bosqichga olib chiqdi. Zero, Toshkentda ilk bor mazkur yo‘nalish bo‘yicha GFC-20 turniri, O‘zbekiston chempionati va boshqa yirik turnirlarning o‘tkazilishi yuqoridagi fikrlarimizni tasdiqlaydi.
Otabek Muhammadaliyevich 2020 yil O‘monning Maskat shahrida o‘tgan Osiyo Olimpiya kengashining Bosh Assambleyasida tashkilotning vitse-prezidenti etib saylandi. Uning mazkur lavozimga saylanishi poytaxtimizning 2025 yil yoshlar Osiyo o‘yinlarini qabul qilishi bilan bog‘liq. Ishonamizki, Otabek Umarov OOK vitse-prezidenti sifatida Yangi O‘zbekistonning salohiyatini butun dunyoga ko‘rsatishda, mamlakatimiz va Markaziy Osiyoda Olimpiya harakati targ‘ibotining yanada kuchayishida jonbozlik ko‘rsatadi. Qayd etish joiz, joriy yil mamlakatimizda Osiyo Olimpiya kengashi Ijroiya qo‘mitasining yig‘ilishi ilk bor Toshkentda o‘tkazilishida uning xizmati katta.
Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Otabek Umarovni tavallud ayyomi bilan samimiy tabriklab, unga uzoq umr va sihat-salomatlik tilab qoladi.