Chim ustida xokkeychilarimiz irodali g‘alaba bilan Osiyo o‘yinlariga yo‘llanma olishdi
Ayni kunlarda Tailandda chim ustida xokkey bo‘yicha Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlari uchun saralash musobaqa bo‘lib o‘tmoqda. Quvonarlisi, unda ishtirok etayotgan erkaklar terma jamoamiz ilk bor Osiyo o‘yinlariga yo‘llanma oldi.
Hamyurtlarimiz O‘mon, Tailand, Gonkong va Qozog‘iston vakillari bilan bir guruhdan joy olishdi. Bellashuvlarda 1 g‘alaba, 2 durang va 1 mag‘lubiyat qayd etgan jamoamiz uchinchi o‘rin bilan Osiyo o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi pog‘ona uchun kurashni davom ettirdi. Ushbu bosqichda vakillarimizga singapurlik xokkeychilar raqiblik qilishdi. Penaltilar seriyasigacha davom etgan bahsda omad hamyurtlarimiz tomonda bo‘ldi va jamoamiz tarixiy g‘alabaga erishdi.
Ushbu muvaffaqiyat bir qator mutaxassislar e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Jumladan, Osiyo xokkey federatsiyasining Ijrochi direktori Tayyab Ikram O‘zbekiston chim ustida xokkey federatsiyasini qo‘lga kiritilgan g‘alaba bilan qutlab, rasmiy tabrik yo‘lladi.
Reglamentga ko‘ra, Osiyo o‘yinlarida qit’amizning eng kuchli 12 jamoasigina ishtirok eta oladi. Avvalgi musobaqada (Indoneziyada) kuchli beshlikka kirgan termalar (Hindiston, Yaponiya, Malayziya, Pokiston va Janubiy Koreya) hamda mezbon Xitoy to‘g‘ridan to‘g‘ri asosiy startga yo‘llanma olgan bo‘lsa, yana olti jamoa nomi ushbu turnirda ma’lum bo‘ldi. Keling, shu o‘rinda jamoamizning musobaqada qayd etgan natijalariga nazar tashlaymiz.
Guruh bosqichi:
1-tur: O‘zbekiston – Gonkong 4:2
2-tur: O‘zbekiston – Tailand 1:1
3-tur: O‘zbekiston – Qozog‘iston 3:3
4-tur: O‘zbekiston – O‘mon 3:6
Osiyo o‘yinlari yo‘llanmasi uchun pley-off:
O‘zbekiston – Singapur 2:2 (pen. bo‘yicha 4:2)
Tailanddagi musobaqa orqali Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlariga yo‘l olgan jamoalar: Bangladesh, Indoneziya, O‘mon, Shri-Lanka, Tailand va O‘zbekiston.
Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi O‘zbekiston chim ustida xokkey federatsiyasi va jamoamizni o‘z tarixida ilk bor Osiyo o‘yinlarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgani bilan samimiy tabriklab, yigitlarimizga bo‘lajak musobaqada omad tilab qoladi.