Yengil atletikachilarimiz Qirgʻizistonda oʻtgan ShHT marafonida muvaffaqiyatli ishtirok etishdi
Qirgʻizistonning Choʻlpon-ota shahrida dengiz sathidan 1630 metr balandlikda joylashgan Issiq-koʻl atrofida “Run the Silk Road 2022” Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Xalqaro marafoni boʻlib oʻtdi. Unda ishtirok etgan bir qator hamyurtlarimiz sovrinli oʻrinlardan joy olishdi.
Bahslar 42 km 195 metr, 21 km 97,5 metr, 10 km va 3 km masofalarda oʻtkazildi. Ahamiyatlisi, asosiy yoʻnalish hisoblanmish marafon dasturida surxondaryolik atletimiz Shohruh Davlatov 2:28:01 natija bilan marra chizigʻini birinchi boʻlib kesib oʻtdi.
10 km masofaga oʻtgan bahsda Otabek Toshquvvatov 32:34, ayollar oʻrtasida Sitora Qurbonova 38:26 daqiqa koʻrsatkich bilan kumush medalga sazovor boʻlishdi. 3 km masofaga kechgan poygada 10:23 daqiqada finishga kelgan Shohsanam Xurramova oltin medal bilan taqdirlandi.