14 May 2022 1351

ISSF Oʻzbekistonda oʻq otish sportining rivojlanishiga yuqori baho berdi

Germaniyaning Zul shahrida Xalqaro oʻq otish sporti federatsiyasi (ISSF) Bosh kotibi Aleksandr Ratner va Oʻzbekiston oʻq otish sporti federatsiyasi Bosh kotibi Mardonbek Davronov oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Yigʻilish avvalida ISSF Bosh kotibi Oʻzbekiston terma jamoasini yilni muvaffaqiyatli boshlagani bilan tabriklab, Oʻzbekistonda oʻq otish sporti rivojlanish tendensiyasini eʼtirof etdi.

Hakam va murabbiylar malakasini oshirish kurslarini Oʻzbekiston hududida oʻtkazish imkoniyatlari, shuningdek, yirik xalqaro musobaqalarni qabul qilish istiqbollari muhokamaning asosiy mavzusi boʻldi. Ahamiyatlisi, Parij-2024 Olimpiadasiga saralash tizimi doirasida Oʻzbekiston litsenzion turnirni oʻtkazishi mumkin.

M.Davronov Xalqaro oʻq otish sporti federatsiyasi rahbariyatiga oʻzaro hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirib, oʻzbek xalqining buyuk tarixi, boy madaniy va maʼnaviy merosi, betakror qadriyatlari hamda anʼanalari asosida tayyorlangan albomni taqdim etdi.

Uchrashuv yakunida ISSF Bosh kotibi Aleksandr Ratner sportchilarimizga boʻlajak musobaqalarda omad tiladi.

Text to speech