Konkurchimizning Gran-pri yoʻnalishidagi gʻalabasi uni Jahon kubogining final bosqichiga olib chiqdi
Qirgʻiziston poytaxtida oʻtkazilayotgan konkur boʻyicha Yevrosiyo ligasining Millatlar kubogida navbatdagi gʻalaba qoʻlga kiritildi. Bu gal chavandozlarimiz turnirning eng asosiy dasturi hisoblanmish Gran-pri yoʻnalishida barcha sovrinli oʻrinlarni egalladilar.
Mahoratli chavandozimiz Nurjan Tuyakbayev “Lanselotta” laqabli tulporda hammadan yaxshi natija qayd etib, oltin medalga sazovor boʻldi. Eʼtiborlisi, ushbu gʻalaba unga kelasi yilning 4-8-aprel kunlari AQSHning Omaxa shahrida boʻlib oʻtadigan Jahon kubogining final bosqichi eshiklarini ochdi.
Kumush medalni Bekzod Qurbonov “Kalimera” otidagi natijasi bilan qoʻlga kiritdi. Nurjan “Kamita” tulporida yana bir bor omadini sinab koʻrdi va ushbu urinish unga bronza medalini taqdim qildi. Toʻrtinchi pogʻona mezbonlar vakili Rinat Galimovga nasib etgan boʻlsa, kuchli beshlikni boshqa bir vakilimiz Umid Kamilov yopib berdi.
Bugun musobaqada dam olish kuni. Ertadan sportchilar turnirning ikkinchi bosqichi doirasida jamoaviy dasturda bahs olib borishadi. Ahamiyatlisi, mazkur bellashuvlar gʻolibini Barselonada oʻtadigan Millatlar kubogi finali uchun yoʻllanma kutib turibdi. Chavandozlarimizga ushbu yoʻnalishda ham omad va zafarlar tilab qolamiz.