13 May 2022 1428

Merganlarimizdan Jahon kubogida navbatdagi medal

Germaniyaning Zul shahrida o‘tkazilayotgan o‘q otish bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Jahon kubogida terma jamoamiz navbatdagi medalini qo‘lga kiritdi. 10 metr masofaga to‘pponchadan otish dasturi yigitlarimiz uchun muvaffaqiyatli o‘tdi.

Jamoaviy dasturda merganlarimiz kuchli sakkizlikdan joy olib, final yo‘llanmasiga ega bo‘lishdi. Shundan so‘ng ular saralanganlar orasida to‘rtlikka kirishdi va Hindiston jamoasi bilan oltin medal uchun bahs olib borishdi. Afsuski, bellashuvda vakillarimizga biroz tajriba yetishmadi va yakunda kumush medallarni qo‘lga kiritdik. Bronza medali esa italiyalik yoshlarga nasib etdi.

O‘q otish bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Jahon kubogi.
10 metr, to‘pponcha. Yigitlar o‘rtasida jamoaviy bahs:
1. Hindiston
2. O‘zbekiston (Muhammad Kamolov, Veniamin Nikitin, Umidbek Kamolbekov)
3. Italiya

Shu tariqa, hamyurtlarimiz uchun mazkur musobaqa yakunlandi. Unda terma jamoamiz 1 tadan kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Bundan avval Muhammad Kamolov ushbu yo‘nalishning yakkalik dasturida shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy olgan edi. Yanada ahamiyatlisi, turnir O‘zbekiston o‘q otish federatsiyasi uchun yoshlar o‘rtasidagi Jahon kubogida qo‘lga kiritilgan ilk medallar bilan yodda qoladigan bo‘ldi.

Endi jamoamiz Ozarbayjonning Gabala shahriga yo‘l oladi va u yerda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazadi. Mashg‘ulotlar yakunlangach, sportchilarimiz Gabalaning o‘zida 20-27 may kunlari xalqaro turnirda, undan keyin 27 may – 7 iyun kunlari Boku shahrida kattalar o‘rtasidagi Jahon kubogining navbatdagi bosqichida ishtirok etishadi.

Text to speech