Rossiyalik professor ishtirokida shifokorlarimiz uchun seminar va mahorat saboqlari oʻtkazilmoqda
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi va Moskva shahrida joylashgan “Ortospayn” klinikasi hamkorligida “Bel ogʻrigʻi bilan kasallangan bemorlarda hayot sifati” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman va mahorat saboqlari oʻtkazilmoqda. Mazkur tadbirlar joriy yilning 13-14-may kunlari Rossiyaning “Spinnoy mozg” jamiyati prezidenti, Rossiya, Yevropa va jahon neyroxirurgiya assotsiatsiyasi aʼzosi, tibbiyot fanlari doktori, professor Andrey Vladimirovich Baskov tomonidan olib borilmoqda.
Bugun MOQ majlislar zalida seminarning ochilish qismi boʻlib oʻtdi. Unda RSTIAM direktori Kamol Sirojitdinov, Markaz hamda terma jamoalarimizda faoliyat olib borayotgan shifokorlar, koʻngilli tinglovchilar va OAV xodimlari ishtirok etishdi. Ushbu oʻquv dasturi bel sohasi bilan ogʻrigan bemorlarning salomatliklarini tiklash imkoniyatlarini oshirishga qaratilgan.
Xorijlik mutaxassis taʼkidlaganidek, hozirda Oʻzbekiston va Rossiyada umurtqa pogʻonasi bilan bogʻliq muammolar uchun jarrohlik amaliyotining aralashuvi koʻp kuzatilmaydi. Andrey Vladimirovichning fikricha bu toʻgʻri yoʻl.
“Har bir jarrohlik amaliyoti bilan inson tanasi shok holatiga tushadi. Biz, tibbiyot vakillari, qaysi holatda operatsiya qilish yaxshiroq, qaysi birida undan qochish kerakligini bilishimiz va vaziyatni chuqur oʻrganishimiz kerak. Bu juda muhim mavzu boʻlish bilan birga zamonaviy dunyoda dolzarb masaladir. Sport tibbiyoti vakillari ham bu borada yaxshi bilimga ega boʻlishlari lozim. Zero, sportchilarning salomatligi, toʻgʻri hayot kechirishi sizning qoʻlingizda”, – dedi professor.
Bundan tashqari, mazkur kurslar konservativ terapiya va minimal-invaziv umurtqa pogʻonasi jarrohligi boʻyicha koʻrsatmalarga aniqlik kiritish, bel sohasi bilan ogʻrigan bemorlar uchun neyroxirurg-vertebrolog konsultatsiyalarda qatnashish imkonini beradi. Ilmiy-amaliy seminar ertaga oʻz ishini yakunlaydi.