Xanchjou-2022 boshqa muddatga ko‘chirildi. Endi terma jamoalarda tayyorgarlik qanday kechadi?
6 may kuni Toshkentda o‘tgan Osiyo Olimpiya kengashi Ijroiya qo‘mitasining yig‘ilishida joriy yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tishi kutilgan Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlari boshqa muddatga ko‘chirilganidan xabaringiz bor. Bugun MOQda mazkur vaziyat yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda Sportni rivojlantirish vazirining o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qo‘mita raisi o‘rinbosarlari Ravshan Irmatov va Sherzod Tashmatov, MOQ raisi maslahatchisi Alisher Karimov, shuningdek, federatsiya va assotsiatsiyalarning mas’ullari ishtirok etishdi.
Yig‘ilishni Shahrullo Mahmudov ochib berdi va kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr bildirdi.
“Osiyo o‘yinlarining qoldirilgani kayfiyatimizga ta’sir etmasligi kerak. Chunki yil davomida bizni Osiyo va jahon chempionati, har bir sport turidagi boshqa nufuzli musobaqalar va Islom birdamligi o‘yinlari kutib turibdi. Endigi tayyorgarligimiz mazkur musobaqalarga qaratiladi. Turkiyada o‘tadigan Islom birdamligi o‘yinlari Parij-2024 Olimpiadasiga olib borayotgan hozirligimiz qanday ketayotganini ko‘rsatib beradi. Bu kompleks musobaqaning borligi biz uchun juda qulay bo‘ldi. Shu bois tayyorgarlikni aslo susaytirmaslik lozim”, – dedi Sh.Mahmudov.
Shundan so‘ng Oybek Kasimov davlat tomonidan ajratiladigan byudjet mablag‘lari, ularni maqsadli sarflash bo‘yicha qo‘shimcha qildi:
“Davlatimiz tomonidan federatsiyalarimizni moliyalashtirish bo‘yicha ajratilgan aniq mablag‘ mavjud. Bundan keyin ham uni maqsadli sarflashda davom etamiz. Terma jamoalarimiz muntazam o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida bo‘lishlarini, xalqaro musobaqalardagi ishtiroklarini ta’minlaymiz. Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov mazkur yig‘ilishda oldimizda turgan rejalarni belgilab olishimizni so‘radilar. Prezidentimiz va hukumatimiz bizni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ta’kidlanganidek, Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlarining qoldirilishi ishimiz to‘xtab qolishini anglatmaydi”.
Sherzod Tashmatov Islom birdamligi o‘yinlarining ahamiyati, unda oldimizga qo‘yilajak maqsadlar haqida to‘xtaldi.
“Atletlarimizning tayyorgarligi, jismoniy holati va sport formasini nazoratda ushlab turishimiz, bu orqali Parij-2024 Olimpiadasiga tayyorgarlikni bosqichma-bosqich davom ettirishimiz kerak. Har bir terma jamoalarimizning natijalarini tahlil qilib boramiz. Bu yil Islom birdamligi o‘yinlari biz uchun muhim. 2017 yil ushbu musobaqada umumjamoa hisobida to‘rtinchi o‘rinni egallagan bo‘lsak, bu gal kamida ikkinchi pog‘onani ko‘zlab harakat qilamiz. Ushbu startga ham 3 oy vaqt qoldi. Har bir federatsiyadan unda ishtirok etadigan atletlar ro‘yxatini shakllantirib olishlarini so‘rab qolamiz”, – dedi MOQ raisi o‘rinbosari.
Yig‘ilish davomida Ravshan Irmatov hamjihatlikda, o‘zaro tajriba almashgan holda yilning boshqa musobaqalariga tayyorlanish, bir vaqtning o‘zida hududlardagi murabbiy va hakamlarning malakasiri oshirib borish bo‘yicha fikr bildirdi.
Yakunda mutasaddilar tomonidan joriy yil ishtirok etiladigan musobaqalar rejasini qayta tuzib chiqish, federatsiyalardagi qarzdorlik holati, yil yakunigacha bo‘lgan taxminiy sarf-xarajatlar smetasini shakllantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.