11 May 2022 1967

Iraklionda oʻtgan ogʻir atletika boʻyicha jahon chempionati haqidagi qiziqarli faktlar

2-10-may kunlari Gretsiyaning Iraklion shahrida yoshlar oʻrtasida navbatdagi dunyo birinchiligi oʻtkazildi. 62 mamlakatdan 300 nafardan ortiq yosh ogʻir atletika yulduzlari qatnashgan musobaqada hamyurtlarimiz munosib ishtirok etib, 5 ta oltin, 5 ta kumush va 2 ta bronza medallarini qoʻlga kiritishdi.

Keling, avvalo ushbu musobaqada qatnashgan sportchilarimizning qayd etgan natijalariga toʻxtalsak. Musobaqada ishtirok etgan 6 atletimizning 5 nafari medal qoʻlga kiritdi. Bu esa Iraklion safariga eng optimal tarkib yoʻl olganini koʻrsatmoqda.

-55 kg: Jamila Panfilova (2 ta bronza)
-73 kg: Ogʻabek Toʻxtayev (4-oʻrin)
-89 kg: Hojiakbar Olimov (1 ta kumush)
-102 kg: Sharofiddin Amriddinov (2 ta oltin, 1 ta kumush)
-87 kg: Tursunoy Jabborova (3 ta oltin)
+109 kg: Mirhosil Mirzaboyev (3 ta kumush)

Ushbu natija bilan 62 davlat ichida umumjamoa hisobida uchinchi oʻrinni qoʻlga kiritdik.

Rekordlar. Musobaqa davomida 4 nafar sportchi 5 ta yoshlar toifasidagi jahon rekordini yangilashga muvaffaq boʻldi. Ukrainalik Bogdan Xoza -109 kg vazn toifasining dast koʻtarish mashqida dastlab 191 kg bilan musobaqagacha rekordni yangilagan boʻlsa, keyingi urinishda 195 kg bilan oʻz koʻrsatkichini mustahkamladi. Qoidaga koʻra, har ikki chiqish ham yangi rekord sifatida qayd etilgan. Musobaqada yangilangan barcha jahon rekordlari:

-61 kg: Xempton Morris (AQSH) – 160 kg (yangi rekord), siltab koʻtarish (mashq);
-73 kg: Rizqi Juniansyax (Indoneziya) – 156 kg, dast koʻtarish;
-109 kg: Bogdan Xoza (Ukraina) – 191 kg, dast koʻtarish;
-109 kg: Bogdan Xoza (Ukraina) – 195 kg, dast koʻtarish;
+109 kg: Alirizo Yusufi (Eron) – 239 kg, siltab koʻtarish.

Eng yaxshilar. Ogʻir atletika sportida eng yaxshi sportchilar ular qayd etgan koʻrsatkichning toifadagi standartlarga nisbati va bir qancha shunga oʻxshash yoʻnalishlar inobatga olingan holda aniqlab olinadi. Bu borada qizlar oʻrtasida 55 kg vaznda belgiyalik Nina Sterkx, yigitlar toifasida esa ikki jahon rekordi muallifi Bogdan Xoza musobaqaning eng yaxshi sportchisi deb topildi.

Shu tariqa, Irakliondagi chempionat yuqori natijalar bilan tarixda qoldi. Unda ishtirok etgan terma jamoamiz 12-mayga oʻtar kechasi 01:05 da Istanbul-Toshkent yoʻnalishi bilan Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga yetib keladi.

Text to speech