Germaniyada kurash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun turnir o‘tkazildi
Germaniyaning Frankfurt shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro turnir muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Ko‘hna qit’aning 20 dan oshiq davlatidan polvonlar ishtirok etgan ushbu musobaqada erkaklar +81 kg, ayollar +63 kg vazn toifasida umumiy mukofot jamg‘armasi 10 ming yevro bo‘lgan turnir g‘olibligi uchun kurash olib borishdi.
Azaliy qadriyatlarimiz targ‘iboti, milliy sportimiz kurashning xalqaro rivoji yo‘lida muhim bo‘lgan ushbu musobaqaning tantanali ochilish marosimida Xalqaro kurash assotsiatsiyasi, Yevropa kurash konfederatsiyasi, O‘zbekiston va Germaniya kurash federatsiyasi xodimlari, Germaniyada faoliyat yuritayotgan bir qator davlatlarning diplomatik korpus vakillari ishtirok etib, o‘zbek sportining jozibasidan, kurash usullaridan bahra olishdi.
Bellashuvlar haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, +63 kgdagi qizlar bahsida polshalik Sandra Liskin barcha raqibalariga imkon qoldirmadi va qizlar o‘rtasidagi bahslarda bosh sovringa ega chiqdi. Erkaklar o‘rtasidagi musobaqada esa Serbiya polvoni Aleksandr Kolobikka omad kulib boqdi.
O‘z vaznlarida 1-o‘rinni egallagan sportchilar 2500, 2-o‘rin sohiblari 1500 va 3-o‘rindan joy olgan kurashchilar 500 yevro miqdoridagi pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Natijalar esa qo‘yidagicha:
Ayollar, + 63kg
1. Sandra Liskin (Polsha)
2. Zubavi Siyene Gedutite (Latviya)
3. Podleniskiy Lorena (Ruminiya)
3. Gulasal Haydarova (O‘zbekiston)
Erkaklar, +81 kg
1. Aleksandr Kolobik (Serbiya)
2. Shohruh Usmonov (O‘zbekiston)
3. Martin Jonata (Slovakiya)
3. Jan Niklos Goldhammer (Germaniya)