9 May 2022 2712

Sharofiddin Amriddinov jahon chempionatida oltin medalni qoʻlga kiritdi

Gretsiyadan xushxabar. Hozirgina Iraklion shahrida oʻtkazilayotgan yoshlar oʻrtasidagi dunyo birinchiligida yigitlar oʻrtasida -102 kg vazn toifasidagi bahslar hamyurtimiz Sharofiddin Amriddinovning gʻalabasi bilan yakunlandi.

Polvonimiz dast koʻtarish mashqida 168 kg natija bilan kumush medalni qoʻlga kiritdi. Siltab koʻtarish mashqida esa 204 kg oltin medalni naqd qildi. Eʼtiborlisi, har ikki mashq yakunida 372 kg natija qayd etgan polvonimiz chempionlikni tantana qildi.

Ogʻir atletika boʻyicha U-20 JCh
Yigitlar, -102 kg:
1. Sharofiddin Amriddinov (Oʻzbekiston) – 372 (168+204) kg
2. Petros Petrosyan (Armaniston) – 363 (161+202) kg
3. Muhammad Hamada (Falastin) – 361 (168+193) kg

Qayd etish joiz, ushbu vazn Olimpiada chempionlari Ruslan Nurudinov va Akbar Joʻrayev ishtirok etadigan toifaga juda yaqin. Yosh oʻgʻlonimizning ushbu gʻalabasi ogʻir vazn toifasida yana bir oʻzbek yigitining katta sahnaga chiqayotgani, Nurudinov va Joʻrayevga munosib oʻrindosh yetishib chiqayotganidan dalolat beradi.

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi ushbu oltin medal bilan Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi, sportchimiz va uning murabbiyini tabriklab, bir ozdan soʻng ishtirok etadigan Tursunoy Jabborovaga ham chiroyli gʻalabalar tilab qoladi.

Text to speech