O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni mamlakatlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalar sport sohasida yanada mustahkamlanmoqda
Toshkentda o‘tkazilgan Osiyo Olimpiya kengashi Ijroiya qo‘mitasining yig‘ilishi ishtirokchi davlatlarning o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim uchrashuvlarga boy bo‘ldi. Yig‘ilish doirasida O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni Milliy Olimpiya hamda Paralimpiya qo‘mitalari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Tadbirda OOK vitse-prezidenti, Saudiya Arabistoni sport vaziri, Milliy Olimpiya va Paralimpiya qo‘mitalari raisi Shahzoda Abdulaziz bin Turki Al Faysal, O‘zbekiston MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, O‘zbekiston MPQ raisi Muxtorxon Tashxodjayev ishtirok etishdi.
Qayd etish joiz, ushbu hujjat O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni mamlakatlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarning sport yo‘nalishida yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Unga ko‘ra, har ikki mamlakat terma jamoalari yirik kompleks musobaqalar, qit’a va jahon chempionatlariga tayyorgarlik doirasida qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari o‘tkazishadi, sport tibbiyoti, farmakologiyasi, ilm-fan yo‘nalishlarida qo‘lga kiritilgan so‘nggi yutuqlar asosida tajriba almashishadi.
Saudiya Arabistoni so‘nggi yillarda ko‘plab musobaqalarni o‘zida qabul qilmoqda. Jumladan, mamlakat poytaxti Ar-Riyod 2034 yilgi Osiyo o‘yinlarini o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritgan. Memorandumiga muvofiq, mamlakatlar “Toshkent-2025” IV yoshlar Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari hamda “Ar-Riyod-2034” XXII Osiyo va VII Paraosiyo o‘yinlariga tayyorgarlik doirasida o‘zaro hamkorlik qilishadi.