7 May 2022 1496

Toshkentda ilk bor o‘tgan OOK Ijroiya qo‘mitasining yig‘ilishi jahon nashrlari e’tibor markazida bo‘ldi

Poytaxtimizdagi "O‘zbekiston" xalqaro anjumanlar saroyida o‘tgan Osiyo Olimpiya kengashi Ijroiya qo‘mitasining yig‘ilishi tashkilot tomonidan chiqarilgan ahamiyatli qarorlar bilan yodda qoldi va jahonning ko‘plab nashrlari diqqatida turdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, Osiyo Olimpiya kengashi, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi rahbariyati, Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi va ko‘plab xalqaro sport tashkilotlari mutasaddilari ishtirok etishdi.

Tadbirda dastlab 2025 yil Toshkentda o‘tkaziladigan yoshlar Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik bo‘yicha taqdimot loyihasi namoyish etildi. Mehmonlar videorolik va maket misolida ko‘rsatilgan loyihani katta qiziqish bilan tomosha qilishdi. Poytaxtimizning Yashnobod tumanida qad rostlaydigan sport ob’ektlari, mehmonlar uchun yaratiladigan sharoitlar, transport-logistika tizimi, bir so‘z bilan aytganda Prezidentimiz tashabbusi bilan qad rostlaydigan Olimpiya shaharchasining loyihasi barchada iliq taassurot qoldirdi.

Yig‘ilish davomida OOK rahbariyatiga mamlakatimiz bilan yo‘lga qo‘yilgan chuqur hamkorlik e’tirofi sifatida “O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi tashkil etilganining 30 yillik ordeni" tantanali ravishda topshirildi. Mukofotni Abdujabbor Abduvohidov OOKning amaldagi rahbari Raja Randxir Singxga, OOK vitse-prezidenti Otabek Umarov OOK Bosh direktori, Xalqaro suzish federatsiyasi (FINA) prezidenti Husayn Al Musallamga taqdim qildi. O‘z navbatida, OOK rasmiylari O‘zbekiston MOQni 30 yillik bayrami bilan muborakbod etib, mamlakatimiz bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik kelgusida ham do‘stona ruhda davom etishini ta’kidlashdi.

Shundan so‘ng joriy yil qit’amizda o‘tadigan muhim musobaqalar rejasi ko‘rib chiqildi. Ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan qaror 10-25 sentyabr kunlari Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tishi ko‘zda tutilgan XIX Osiyo va IV Paraosiyo o‘yinlarining qoldirilgani bo‘ldi. Boisi butun qit’amiz "Osiyo Olimpiadasi"ga katta masshtabda tayyorgarlik ko‘rayotgan edi. Uning boshqa muddatga qoldirilishi haqidagi yangilik xalqaro nashrlarning bosh sahifalaridan joy olmoqda. Musobaqaning yangi sanalari yaqin vaqt ichida rasman e’lon qilinadi.

Shuningdek, dekabr oyida o‘tishi belgilangan Shantou-2021 yoshlar Osiyo o‘yinlari ikkinchi bor qoldirilayotgani uchun butunlay bekor qilindi. Toshkentda o‘tadigan 2025 yilgi musobaqa IV yoshlar Osiyo o‘yinlari sifatida o‘z maqomini saqlab qoladi.

Text to speech